Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Mahallabay» o‘rganishlar asosida qisqa muddatda ko‘plab muammolar hal etildi
18:43 / 2021-04-30

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov bugun Qashqadaryo viloyatining qator mahallalarida obodonlashtirish jarayonlari, aholi murojaatlarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Kasbi tumanidagi eng chekka aholi yashash manzillaridan biri — «Cho‘lquvar» mahalla fuqarolar yig‘inida aholi turmush darajasini oshirish, mavjud muammolarni «mahallabay» hal etish tizimi asosida olib borilayotgan ishlar bilan atroflicha tanishdi.

«Cho‘lquvar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ayni vaqtda 746 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 2930 nafar aholi istiqomat qiladi. O‘rganishlar asosida mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash bo‘yicha tumandagi barcha soha rahbarlarining ish rejalari va tashabbuslari tahlil qilindi.

Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish, «Madaniyat markazi» binosini qayta ta’mirlash, yoshlarning bu yerda estrada havaskorlik, badiiy ijod va amaliy san’at yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Prezident maslahatchisi T.Xudaybergenov hamda vazir R.Mamatov viloyatning Nishon tumanida yashovchi fuqarolar turmush sharoitlarini o‘rganish va mavjud masalalarga atroflicha yechim topish maqsadida shu kunning o‘zida hududdagi bir nechta chekka va olis mahallalarga tashrif buyurdi.

Olib borilgan zarur choralar natijasida «Kaptarli» mahallasidagi 12 xonadonga ega ko‘p qavatli uyning tom qismi va tashqi fasadlari qayta ta’mirlandi. Mahalladagi 18 km ichki yo‘llarga shag‘al to‘kilib, eski simyog‘ochlar o‘rniga 45 ta beton ustunlar o‘rnatildi.

Mahallada yashovchi turli aholi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda bildirilgan takliflar asosida 1 ta transformator ta’mirlanib, yana 1 ta yangi transformator, xususan, 15 ta tungi yoritish chiroqlari o‘rnatib berildi.

Shuningdek, mahalla hududidagi qabriston atrofi obodonlashtirilib, ko‘chalarga 3 mingga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.

Ishchi guruhning «Samarqand» mahallasidagi faoliyati davomida hududdagi «Temir daftar»ga kiritilgan 25 nafar ishsiz fuqarolar, «Ayollar daftari»dagi 20 nafar xotin-qizlar hamda «Yoshlar daftari» ro‘yxati kiritilgan 50 nafar yoshlarga zarur yordam ko‘rsatish, ish bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Zarur choralar natijasida mahalladagi «O‘zbekiston» va «Mustaqillik» ko‘chalarining 5 km qismi butunlay ta’mirlanib, Qo‘ng‘irot ko‘chasiga 1 ta suv nasosi va 1 ta yangi transformator o‘rnatib berildi.

Shu bilan birga mahallaning qator ko‘chalariga 1892 tup turli xil daraxt ko‘chatlari ekildi, 2 ta umumiy hojatxona hashar yo‘li bilan ta’mirlandi.

Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish uchun «Ayollar daftari» hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 10 ta ehtiyojmand oilalarga pomidor, bulg‘or ko‘chatlari, 10 ta oilaga parrandalar bepul tarqatildi.

Bir so‘z bilan aytganda, mahallalardagi nuroniylar va boshqa aholi vakillari bilan uchrashuvlar davomida bildirilgan takliflar asosida hududdagi mavjud muammolar bartaraf etildi. Muayyan vaqt talab etiladigan masalalarni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi

Axborot xizmati