Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahallabay” ishlash tizimi Surxondaryoda qanday samara bermoqda?
14:01 / 2022-07-21

Respublika Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Surxondaryo viloyatida mahallabay ishlash hamda hokim yordamchilari faoliyatiga bag‘ishlangan ikki kunlik press-tur tashkil etdi.

Viloyat mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir Termiz shahridagi Guliston mahallasida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi, Pattakesar mahallasida “mahallabay” ishlash tizimi asosida barpo etilgan tikuvchilik sexi bilan bilan tanishuvdan boshlandi.

Vohada aholi turmush sharoitini yaxshilash, doimiy va qo‘shimcha daromad manbaiga ega qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida aniq manzilga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buning uchun hokim yordamchilari mahallalarda xatlov o‘tkazib, fuqarolarning ichki imkoniyati va talab-istaklarini o‘rgandi. Hududlarning “o‘sish nuqtalari” belgilandi.

Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar ishtirok etgan press-turda viloyat mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Jo‘rayev “mahallabay” ishlash tizimi va joylarda hokim yordamchilari olib borayotgan ishlar, ajratilayotgan kredit mablag‘lari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Maxsus daftarlarda ruyxatda turganlarni ishga qabul qilganda yoki kooperatsiya aloqalari orqali bandligi ta’minlanganda tadbirkorlik subektlariga subsidiyalar ajratish tartib-tamoyillarini tushuntirdi.

Press-tur qatnashchilari Termiz shahridagi Bo‘ston mahallasida joylashgan “Almaz-Ariginal” mas’uliyati cheklangan jamiyatining xizmat ko‘rsatish nuqtasi va hunarmandchilik markazida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Tadbirkor ayol Muhayyo Jo‘rayeva go‘zallik saloni, kelinlar libosi kabi xizmat turlarini tashkil etgan. Milliy hunarmandchilik buyumlari to‘qish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Hunarmandchilik yo‘nalishida 150 ga yaqin xotin-qizni kooperatsiya asosida ishga qabul qilgan. Markazda turli milliy liboslar, milliy sumkalar, erkaklar to‘ni, do‘ppisi va boshqa buyumlarni to‘qish, ishlab chiqarish, ikkita dastgohda Boysunning qadimiy va noyob janda matosini to‘qish va undan erkaklar to‘nlari tikish yo‘lga qo‘yilgan. Hokimning mahalladagi yordamchisi Hamid Eshqurbonov tavsiyasi bilan uch nafar hunarmandning uyushmaga a’zolik badalini to‘lashi uchun subsidiya berilgan. Shu maqsadda yana o‘nga yaqin hunarmandga subsidiya ajratish mo‘ljallanmoqda.

“Mahallabay” ishlash tizimi asosida viloyat markazidagi “Saxovat” mahallasida faoliyat yuritayotgan mohir kulol Narzulla Jo‘rayev, “Shifokor” mahallasida kurka parvarishlash bilan shug‘ullanayotgan Bahriddin O‘sarovni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar va natijalari ham barchaga manzur bo‘ldi.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Loyqand” mahallasidagi hokim yordamchisi Zokir Mahmudov mahallani xatlovdan o‘tkazayotganida xonadonlarda parranda parvarishlashga qiziqish borligini sezib qoldi. Hududda jo‘ja ochiradigan ixcham, zamonaviy inkubator yasashni yo‘lga qo‘yib, xonaki tovuqchilikni rivojlantirishga bel bog‘ladi. Qiziqish bildirgan mahalladoshlariga ming donadan ortiq tuxum sig‘adigan inkubatorni ishlatish sirlarini o‘rgata boshladi. Kooperatsiya asosida 50 xonadonga  besh mingta xonaki tovuq tarqatib, uning tuxumidan jo‘jalarni ko‘paytirishni joriy etdi.

– Bir dona inkubator 7 million 800 ming so‘mdan sotilmoqda, – deydi Z.Mahmudov. – Uni ishlab chiqarish sexida ikki kishining bandligi ta’minlangan. Hozirgacha o‘zimizning hududdan tashqari yana 11 mahallaga inkubator tarqatdik. Uni xarid qilgan oilalar ikki marta jo‘ja ochirsa xarajati qoplanadi. Keyingi ochirilgan jo‘jalar to‘liq foydaga qolaveradi. Mahallamizdagi xonadonlarda ana shu inkubatorlarda ochirilgan jo‘jalar parvarishlanmoqda. 50 ta xonadonda boqilayotgan tovuqning bir dona tuxumini 2 ming 500 so‘mdan sotib olib, inkubatsiyalarda jo‘ja ochiryapmiz.

Mahallada bo‘lgan jurnalistlar hududda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida joriy etilgan bu ishdan olinayotgan daromadlar, odamlarning turmush darajasidagi o‘zgarishlar bilan qiziqdi.

🇺🇿Meliqulova Barno Usmonovna, [21.07.2022 14:02]
Jarqo‘rg‘on tumani “Avlod” mahallasidagi hokim yordamchisi Dilmurod Doniyorov mehmonlarga dastlab hududning “o‘sish nuqtalari” haqida ma’lumot berdi.

Hududdagi 338 xonadonda ikki mingdan ortiq aholi yashaydi. Mahalla ahli bir yilda tomorqasidan uch marta hosil oladi. Bulg‘or qalampiri, karam ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, bu mahsulotlarni o‘zlari ham yetishtirib, yaxshigina qo‘shimcha daromad topmoqda. Karam yoki bulg‘or qalampiri hosili yig‘ib olingach, bodring, pomidor yetishtiradi. Keyin urug‘lik makkajo‘xori ekadi. Bu yil mahallada 4 sotix yerda bulg‘or qalampiri parvarishlagan oila birgina ana shu mahsulotning o‘zidan 45 million so‘mgacha daromad topdi. Bunga ikkinchi va uchinchi ekin daromadini qo‘shsangiz naqd yuz million so‘mga yetib qoladi. Endi 10 yoki 15 sotix yerda yetishtirilgan bulg‘or qalampirining daromadini o‘zingiz cho‘tlab ko‘ring. Hokim yordamchisining aytishicha, yaxshi yashash uchun mahalla ahli yil o‘n ikki oy yaxshi mehnat qilishga o‘rgangan. Hozir Azamat Qulboyevning tomorqasidagi 15 sotix yerda eng bozorbop karam ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Bundan tashqari u “Asilbek agros” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, hududdagi 20 sotix tashlandiq yerda issiqxona barpo etgan. Bu yerda mamlakatimizning turli hududlaridan buyurtma olib, dunyo bozorida xaridorgir karam ko‘chatlarini yetishtirmoqda. Olinayotgan foyda hisobidan kelgusida yig‘ib olingan mahsulotlarni saqlash uchun ixcham zamonaviy sovutgich ham qurmoqda.

“Maftuna Sho‘rchi Dizayn” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuvchilikka ixtisoslashgan. Joriy yilda zamonaviy tikuv dastgohlari o‘rnatilib, ish boshlagan korxonada 130 dan ortiq xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardir. Mahalladagi hokim yordamchisi tavsiyasi bilan maxsus daftarlarda ro‘yxatda turgan ayollar bandligini ta’minlayotgan korxonaga subsidiya berildi. Yana subsidiya ajratish uchun elektron ariza taqdim etildi. Ayni paytda tikuvchilar tumandagi maktab o‘quvchilari uchun 42 ming dona yangi maktab formasi tikmoqda. Ularning har biri kunlik ish hajmiga qarab, oyiga 1 million 500 ming so‘mgacha mehnat haqi olayotir. Tadbirkor ayol Gulsara Tangirova kelgusida ish o‘rinlarini 350 taga yetkazishni rejalashtirgan.

Ikki kun davomida press-tur ishtirokchilari Qumqo‘rg‘on, Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida bo‘lib, mahallalardagi hokim yordamchilarining ish faoliyati, “mahallabay” ishlash tizimining odamlarni hayotdan rozi qilishdagi o‘rni bilan yaqindan tanishdi. Joylarda doimiy va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘layotgan odamlar bilan dildan suhbatlashdi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA