Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahallabay” ishlash tizimi samaradorlikka xizmat qilmoqda
22:05 / 2024-03-03

Yurtimizda aholi muammolarini “mahallabay” ishlash orqali hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 26-sentyabrda “mahallabay” ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilangan edi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash uchun mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish va “mahalla yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2023-yil 21-dekabrda “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.  

Unda mahalla  obodligini  ta’minlash, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlarini joriy etishda aholining faol ishtiroki va mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish, mahallalardagi muammolarning o‘z vaqtida va samarali yechilishida davlat organlari va tashkilotlarining mahallalardagi vakillarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, muvofiqlashtirish va yo‘naltirish, mahallaning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish, mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish vazifalari belgilab berilgan.

Bugungi kunda gaz ta’minoti sohasida ham “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Aytish kerakki, tizimning joriy etilishi aholini, xususan, har bir mahalladagi iste’molchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq muammolarini tezkor va joyida hal etish imkonini bermoqda. Endilikda belgilangan mahalla fuqarolar yig‘ini binosidan gazchilar uchun ham alohida xona ajratilmoqda. Shu yerning o‘zida iste’molchi gaz bilan bog‘liq murojaatini bildirish va unga yechim topish imkoniga ega bo‘ladi.  

– “Mahallabay” ishlash tizimining afzalligi shundaki, iste’molchi endi sarson bo‘lmaydi, gaz bilan bog‘liq muammosi bo‘lsa, mahallasiga borib, hududga biriktirilgan gazchi ko‘magidan foydalanadi. Shu bilan birga, vaqt yo‘qotishlarning oldi olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, iste’molchi bilan ishlashda samaradorlik ko‘rsatkichi yana oshadi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali mahalla iste’molchilari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Obid Abdurafiqov. – Shu maqsadda viloyatimiz bo‘yicha 22 ta yirik hudud tashkil etilib, har bir hududga 5 nafardan xodim biriktirildi. Biriktirilgan xodimlar xonadonma-xonadon yurib, iste’molchilarning gaz bilan bog‘liq taklif va murojaatlarini o‘rganishmoqda. Shuningdek, xonadondagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, tabiiy va suyultirilgan gazdan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha eslatmalar tarqatilyapti. Aniqlangan kamchiliklar shu joyning o‘zida bartaraf etilmoqda.  

Ayni paytda gaz ta’minoti korxonasi tomonidan biriktirilgan xodimlar o‘rganish va targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda.  

Hududlar bo‘yicha tashkil etilgan bunday ish tizimi inson manfaatlariga xizmat qilish sifatini yanada oshirishni ko‘zda tutgani bilan ahamiyatlidir.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri