Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahallabay” ishlash tizimi samara bermoqda
15:41 / 2024-08-09

Buxoro viloyati Shofirkon tumani soliq tizimida “mahallabay” ishlash tashkil qilingan bo‘lib, 50 ta mahallaga 20 ta xodim biriktirilgan.

Bugungi kunda ular mahallalarda soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish, soliq to‘lovchilarga soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda yaqindan ko‘maklashish hamda qo‘shimcha manbalarni aniqlash hisobiga mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanmoqda.

Mahallaga biriktirilgan soliq inspektorlarining faoliyati onlayn kuzatilib, ularning samaradorlik ko‘rsatgichi “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimi orqali belgilangan mezonlar asosida baholab borilayapti.  

Ta’kidlash lozim, soliq tizimida joriy qilingan yangi ish tizimi ijobiy natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

–Shofirkon tumanida 2024 yil 1 yanvar holatida mahalliy yer va mol- mulk solig‘i to‘lovlaridan 18 770 nafar fuqaroning 11 389,7 million so‘m miqdorida soliq qarzdorligi mavjud edi, –deydi Shofirkon tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Otabek Muqumov. –Soliq xodimlarining ish tartibi “mahallabay” tarzida tashkil etilishi natijasida joriy yilning olti oyi davomida ushbu qarzdorlik summasining 5 036.8 million so‘mi byudjetga undirilishi ta’minlandi. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida aholining yer va mol-mulk solig‘i to‘lovlariga 2024 yil uchun hisoblangan 29,7 milliard so‘mlik soliq to‘lovlarining  34,6 foizi (10,2 milliard so‘m) to‘liq undirildi.  

Mahalla soliq inspektorlarining tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida soliq qonunchiligidagi yangiliklar, ishchilarga qonuniy faoliyat yuritish orqali kelajakda pensiya olishi va boshqa qonuniy ishlashning afzalliklari xususidagi tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida tumanda norasmiy daromad topayotgan 582 nafar ishchi-xodimning faoliyati legallashtirildi. Buning hisobiga esa byudjetga qo‘shimcha 63,2 million so‘m soliq tushumlari undirildi.   

Bundan tashqari, faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgan 112 nafar tadbirkorlik sub’ektining faoliyati qonuniylashtirildi. 216 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ekt yangidan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Buning natijasida byudjetga 2024 yil uchun qat’iy belgilangan daromad solig‘i to‘loviga 79,3 million so‘m qo‘shimcha soliq hisoblanib, 68,3 million so‘mi byudjetga undirilishi ta’minlandi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, soliq xodimlarining “mahallabay” ishlash tizimi hamda soliq tushumlarining bir qismi tuman va shahar byudjetlariga tushishi ish samaradorligini yanada oshiryapti. E’tiborlisi, joriy yilning o‘tgan davrida Shofirkon tumani byudjetiga soliq tushumlari hisobiga 31 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ kelib tushishi hududdagi mahallalarning ijtimoiy-iktisodiy muammolarini hal qilishda asosiy omil bo‘lmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri