Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha o‘quv- seminar
10:48 / 2024-02-03

Buxoro viloyati soliq boshqarmasida boshqarma rahbariyati ishtirokida “Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish” bo‘limiga biriktirilgan xodimlar uchun o‘quv- seminar tashkil etildi.

Unda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i D.Yuldashev “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazilgan xodimlarga yangi tizimning maqsad va vazifalari hamda ularning ish faoliyatini samarali tashkil etish tartibini keng tushuntirib berdi.  

Ta’kidlanganidek, boshqarmadan mahallaga biriktirilgan xodimlar endilikda hududlarda 13 mingdan ortiq QQS to‘lovchilariga xizmat ko‘rsatib, 21 ta yo‘nalishda ish olib boradi. Xususan, ular mahallalarda soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish, soliq to‘lovchilarga soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda yaqindan ko‘maklashish hamda qo‘shimcha manbalarni aniqlash hisobiga mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanadi.  

“Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish” bo‘limiga biriktirilgan xodimlarning vazifalarini tushuntirish asnosida ularga tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini mahallaning o‘zida hal etish, past quvvatda ishlayotgan korxonalarda mavjud imkoniyatlarni o‘rgangan holda tovar aylanmalarini oshirish va faoliyatini kengaytirish hamda faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini qayta tiklash, yashirin iqtisodiyotning oldini olish hamda hududdagi soliq qarzdorliklarini undirish borasidagi ishlarni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi.  

O‘tgan yili iyul oyidan buyon Buxoro viloyati soliq tizimida “mahallabay” ishlash tashkil qilingan bo‘lib, 544 ta mahallaga tumandagi 425 ta xodimdan ilgari soliq nazorati bilan shug‘ullangan 258 nafari biriktirildi. Ya’ni bitta xodimga yoshi, tajribasi, salohiyatidan kelib chiqib, 1 tadan 3 tagacha mahalla to‘g‘ri keladi.  

Ta’kidlash lozim, o‘tgan qisqa vaqtda “mahallabay” ishlash o‘zining ijobiy samarasini aniq raqamlarda ko‘rsatdi. Masalan, yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha mavjud qarzdorliklar bilan manzilli ishlanishi natijasida yillar davomida jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk soliqlaridan 131 milliard so‘mlik qarzdorlik 2023 yil yakuni bilan 93 milliard so‘mga qisqartirildi.  

Aylanmadan olinadigan soliq, yer va mulk, deklaratsiyadan tushum, shuningdek, o‘z o‘zini band qilish, ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish soni o‘tgan oylarga nisbatan 1,5 baravardan 2,5 baravargacha ortdi.  

Hududlardagi soliq inspeksiyalarida “mahallabay” ishlash tizimining yaxshi samara berganligi hisobiga Soliq qo‘mitasining tegishli buyrug‘i asosida  viloyat soliq boshqarmasining ish faoliyati qayta tashkil etildi. Xuddi soliq inspeksiyasi xodimlari kabi boshqarmaning 66 nafar xodimi ham 544 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga biriktirilib, ularning reyting ko‘rsatkichlari belgilab berildi.  

Jumladan, Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, shtatlar jadvallari belgilangan tartibda qonunchilikka amal qilingan holda muvofiqlashtirildi. “Soliq organlarining mahallabay ishini tashkil etish” shu’basi hamda  “Soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish” va “Soliq ma’muriyatchiligi” bo‘limlari tashkil etildi.  

Buning hisobiga, boshqarmadagi 66 nafar hamda hududiy soliq inspeksiyalaridagi 275 nafar soliq xizmati xodimlari “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazildi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri