English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha Farg‘ona tajribasi o‘rganilmoqda
11:26 / 2021-02-15

Markaziy bankning Qashqadaryo viloyati bosh boshqarmasi hamda davlat ulushi ishtirokidagi viloyat banklari rahbarlari Farg‘ona viloyatida mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida 3 bo‘g‘inda mahallabay ishlash tizimini joriy etish yuzasidan muhim topshiriqlar berildi.

Farg‘onada mahallabay ishlashning vertikal tizimi ishlab chiqildi. Viloyatda 1 ming 41 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ularga tijorat banklarining 714 ta malakali mutaxassislari doimiy vakil sifatida biriktirildi. Bu vakillar mahallada ishsiz aholini, yoshlar va ayollarni kasb-hunarga o‘rgatish va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil qiladi. Shuningdek, tadbirkorlarga kredit olishga va loyihalarini amalga oshirishga yordam berib, mahalla raislari va faollari bilan doimiy ish olib boradi. Shahar va tumanlarni mahallabay tizimda rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 76 ta sektorning har birida iqtisodiy kompleksning malakali xodimlaridan iborat boshqaruv ofislari tashkil etildi.

Qashqadaryolik bank xodimlari shahar va tumanlarda amalga oshirilayotgan ishlarni borib ko‘rdi. Xususan, Marg‘ilon shahri, Oltiariq, Rishton, Bag‘dod, Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida mahallabay ishlash tizimi bo‘yicha dastlabki natijalar sarhisob etildi.

– Yuzma-yuz muloqotlar davomida hududlarda mahallabay ishlash tizimini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tadbirkorlar va mahalla raislari bilan suhbatlashdik, – deydi ATB “Asaka bank”ning Qashqadaryo viloyati filiali boshqaruvchisi Xurshid Eshonqulov. – Tizimning o‘ziga xos jihatlarini hamkasblar faoliyatlari misolida tanishtirdi. O‘zaro tajriba almashish jarayonida aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Fayzulla Mamanov boshchiligidagi delegatsiya mahallabay ishlash tizimini amaliyotga joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish va tajriba almashish maqsadida viloyatda bo‘ldi.

Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlari, Oltiariq, Rishton, Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida mahallalarning “o‘sish nuqta”lari, yangi tizim bo‘yicha hududlarda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar batafsil o‘rganildi.

M. SULAYMONOV, O‘zA