Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahallabay” ishlash tizimi bizni aholiga yanada yaqinlashtirdi”
14:33 / 2024-03-30

Gaz ta’minoti tizimida ham “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Aholi o‘z murojaatini mahallada tashkil etilgan tizim xodimining xonasiga borib, bildirishi mumkin.

Buxoroda bu boradagi ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan. Ta’minot xodimi va iste’molchi orasidagi masofa yanada yaqinlashdi. Ishidan minnatdor bo‘lgan Shahnoza Xoliqova 8 ta mahalla – “Navro‘z”, “Bunyodkor”, “Ko‘ksaroy”, “Mutavakkil Burxon”, “Bihishtiyon”, “Sharq yulduzi”, “Shayx-ul olam”, “Bahorziy” kabi fuqarolar yig‘inlarida mahalla gazchisi bo‘lib faoliyat olib bormoqda. U bilan qilingan suhbatda bevosita yangi tizimning imkoniyatlari va ishidagi mas’uliyati haqida gapirdi.

–Buxoro shahrining 8 ta mahallasida istiqomat qiluvchi aholiga xizmat ko‘rsatib kelaman, –deydi Shahnoza Xoliqova. –Faoliyatim mas’uliyatni talab etadi. Har bir iste’molchining xarakteri har xil, yashash tarzi farq qiladi, albatta. Bunda xushmuomalalik talab etiladi har birimizdan. Suhbat va yoki murojaatlarni hal etishga bosiqlik bilan yondashishimiz lozim. Men mas’ul bo‘lgan hududlarda 16 ming nafardan ortiq iste’molchi yashaydi. Kun davomida mehnat vazifamdan kelib chiqib, ularga sifatli xizmat ko‘rsatib kelishga harakat qilaman. Tizim tashkil etilganidan so‘ng iste’molchiga yanada yaqinlashib, ularning muammolarini zudlik bilan o‘rganishga harakat qilyapmiz. Bu esa murojaatlarning kamayishiga xizmat qiladi. 20-yilga yaqin ish tajribam davomida doim aholining farovonligini ta’minlash muhim bo‘lib kelgan. “Mahallabay” ishlash tizimi bizni aholiga yanada yaqinlashtirdi”.

Ta’kidlash lozim, viloyat bo‘yicha ushbu ishning samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan 35 ta yirik hududda hudud ustasi va mahalla gazchilari o‘z faoliyatlarini mas’uliyat bilan olib bormoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri