Samarqand viloyatidagi 1081 ta mahallaga “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkaziladigan musobaqalar uchun Prezident sovg‘asi — to‘rt turdagi sport jihozlari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat sport hamda yoshlar ishlari boshqarmalari mas’ullari ishtirok etib, 2025 yilgi “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida samarqandlik yoshlar respublikada peshqadam bo‘lganini alohida ta’kidladi.
– “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni terma jamoalar safiga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi Samarqand viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i J.Nurmunov. – Bu yil viloyatimiz bo‘yicha 581 ming nafar yosh mazkur olimpiada bellashuvlarida qatnashdi. Ular 14 sport turi bo‘yicha musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 19 ta oltin, 14 ta kumush va 9 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Yoshlarning shu kabi musobaqalarda faol ishtirok etishi uchun Prezident sovg‘asi sifatida sport jihozlari berilishi ularning imkoniyatlarini yana ham kengaytiradi.
[gallery-26852]
– Tumanimizdagi mahallalar uchun 360 dan ziyod sport jihozlari oldik, – deydi Ishtixon tuman sport maktabi direktori o‘rinbosari Zohid Arziqulov. – Bunday e’tibor yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, iqtidorli yoshlarni kashf qilish va kelgusi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi. Ayni paytda sport maktabimizda sportning 22 turi bo‘yicha 2200 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar shug‘ullanib kelmoqda. E’tiborlisi, sportchilarimizdan 18 nafari O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tarkibiga, 20 nafardan ziyodi esa zaxira tarkibiga qabul qilingan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari