Guliston shahridagi Yoshlar markazida “Sektor rahbarlari kubogi” doirasida huquq-tartibot organlari tomonidan otaliqqa olingan mahalla yoshlari o‘rtasida “Prokuror kubogi” uchun «Zakovat» intellektual o‘yinining viloyat bosqichi musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqada tuman va shaharlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 ta jamoa qatnashib, o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘yin qoidalariga ko‘ra, jamoalar ballari to‘g‘ri berilgan javoblarga qarab hisoblab chiqildi.


Musobaqada Sirdaryo viloyat prokurori Savid Imatov ham ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish borasida shart-sharoitlar yaratilgani, eng asosiysi, ijtimoiy-siyosiy faolligini namoyon qilishi uchun keng yo‘l ochilganligi to‘g‘risida gapirdi.


Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan aql musobaqasida birinchilikni Guliston shahrining Navbahor mahallasi, ikkinchi o‘rinni Xovos tumanining Qoraqum mahallasi, uchinchi o‘rinni Oqoltin tumanining Ko‘rkam diyor mahallasi yoshlari egalladi.
Musobaqa yakunida g‘oliblar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri