Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla yettiligi”ning vazifalari aniq belgilandi
17:40 / 2023-09-29

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 sentyabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, “mahalla yettiligi”ni tashkil qilish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirish zarurligi ta’kidlandi hamda “yettilik tizimi” faoliyatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi.

– Mahallalarda hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi kabi yangi mutaxassislar ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi, ammo ularning faoliyati natijasi qisqa vaqtda yaqqol ko‘zga tashlana boshladi, – deydi Samarqand viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shohruh Eshonqulov. – Buni aholining mahallaga ilgarigidek moddiy yordam so‘rab emas, ko‘proq tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun murojaat qilayotgani, xotin-qizlar va yoshlar yaratilayotgan sharoitdan unumli foydalanishga intilayotganidan ham bilish mumkin. Aholining bu boradagi intilish va sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbari mahalladagi “beshlik tizimi”ni yanada takomillashtirish, barcha masalalarni bir joyda hal etish uchun imkoniyat yaratish lozimligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbus asosida mahalla institutining isloh qilinishi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga yordam berish, jinoyatchilik, oilalarda zo‘ravonlikning oldini olish, aholi bandligi, ijtimoiy muhofazasi kabi masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu vazifalarni bajarishda har bir mahallaning o‘z yondashuvi, yo‘nalishi bo‘ladi. Eng muhimi, bularning barchasini hal etish uchun tashkiliy chora-tadbirlarni to‘g‘ri belgilash barobarida moliyaviy ko‘makka ehtiyoj tug‘iladi. Shu jihatlar e’tiborga olinib, mahallaning moliyaviy mustaqilligini ta’minlash maqsadida aholidan yig‘iladigan mol-mulk va yer solig‘ining 10 foizini mahalla byudjetida qoldirish tizimi joriy qilinadi. Joriy yilda bu amaliyot yurtimizning bir qator tumanlari qatori viloyatimizdan tanlangan Urgut tumanida yo‘lga qo‘yildi va ijobiy natija berdi. Endilikda ushbu amaliyot barcha mahallalarda joriy qilinadi. Mahalladagi "beshlik"ka soliqchi hamda mahallaning o‘zida yolg‘iz keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodim qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi”  tashkil etilyapti. Endilikda aholi uchta ijtimoiy daftarga kiritiladi, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masala mahallaning o‘zida hal qilinadi. Shuningdek, ijtimoiy daftarlar uchun beriladigan mablag‘lar bandlik, tadbirkorlik va kasanachilik jamg‘armalaridan har bir mahallaga taqsimlanadi. Ya’ni, mablag‘ni ishlatish mahallaning o‘zida, “yettilik” ixtiyorida bo‘ladi.

Ushbu tuzilma imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida endilikda mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika, viloyat va tuman, shahar kengashlari joriy etiladi. Hududiy kengashlarga hokimlar rahbarlik qiladi. Kengashlar “mahalla yettiligi” qo‘ygan masalalar bo‘yicha har bir tumanning xususiyati, mahallalarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, muammolarga yechim topadi, moliyaviy manbalarini aniqlaydi. Bundan tashqari, tuman bandlik idoralarining bir qator vazifalari mahallaga o‘tkazildi. Jumladan, jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishsiz aholini obodonlashtirish va mavsumiy ishlarga jalb qilish, ularga haq to‘lash vakolati mahalla raisiga beriladi. Tuman mehnat bo‘limlari vakant o‘rinlar haqidagi ma’lumotlarni mahallaga taqdim etib boradi. Mahalla raisi o‘z hududidagi ishsizlarni ishga joylashtiradi.

Videoselektorda ta’kidlaganidek, mahalladagi “beshlik” har biri o‘z vazirligiga hisobdorligi sabab yagona jamoa sifatida kutilganidek samara bermadi. Shuningdek, ijtimoiy daftarlardagi mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashda “beshlik”ning hamkorligi, mahalla raisining o‘rni bilinmayotgani, ijtimoiy daftarlar mahalladagi mas’ullar tomonidan alohida-alohida yuritilayotgani, vazifalarida ko‘p takrorlanishlar borligi aniq ko‘rsatib o‘tildi. Shuning uchun “mahalla yettiligi”ning vazifalari aniq belgilab berildi. Raisning ham, hokim yordamchisi va yoshlar yetakchisining ham, umuman, mahalladagi har bir mas’ul javob beradigan yo‘nalishlar aniq. Gap belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishida qolmoqda.  

G‘.Hasanov, O‘zA