Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev va fraksiya a’zosi Dildora Kamolovalar Sirdaryo viloyatida o‘rganishlar olib borishdi.
Xususan, Sayxunobod tumanidagi o‘rganishlarda kambag‘allikni qisqartirish va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi. Dastlab "Beshafar grour" MCHJ ning donni qayta ishlash va un ishlab chiqarish loyihasining faoliyati bilan tanishildi.

O‘rganish jarayonida tuman Kengashi deputatlari va loyiha ijrochilari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ekologik me’yorlarga rioya qilish hamda qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalq vakillari “Nurabod” MFY da istiqomat qiluvchi oilaviy tadbirkorlik va tomorqachilikda ibratli tajriba ko‘rsatib kelayotgan Zayniddin Nurmatov xonadonida bo‘lib, tadbirkorning faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Tadbirkor issiqxonada limon, pomidor, bulg‘or qalampiri va qulupnay yetishtiradi. Shuningdek, u kitob o‘qishga ham alohida mehr qo‘ygan bo‘lib, o‘z xonadonida kichik kutubxona tashkil qilgan.

Abdushukur Hamzayev Sayxunobod tumanidagi “Paymard” MFY da ham bo‘lib, mahalla yettiligi, hokim yordamchisi hamda faol fuqarolar bilan ochiq muloqot qildi va unda asosan aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, subsidiya va imtiyozli kreditlardan samarali foydalanish borasida so‘z bordi. Shuningdek, muloqotda 2025-yil hamda 2026-yilning o‘tgan davrida bir qator kichik biznes loyihalari yo‘lga qo‘yilib, yangi ish o‘rinlari yaratilgani, kam ta’minlangan oilalar daromadi oshgani ta’kidlab o‘tildi.
M. Komilova, O‘zA