“Mahalla yettiligi”ning asosiy vazifalari nimalardan iborat?, “Mahalla yettiligi” vakillari zimmasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish uchun nimalarga e’tibor qaratishi kerak, ularning burch va mas’uliyati qanday?
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida mahalla yettiligi vakillarining bilim va malakasini oshirishga bag‘ishlangan o‘quv seminarda ana shu masalalar xususida so‘z yuritildi.
Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta. Mahalla – fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini, qolaversa, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish instituti sifatida ham alohida mavqega ega. Shu bois ham mahallaning nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mahallani xalq bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xalqchil tuzilmaga, aholini qiynayotgan muammolarni mahallaning o‘zida hal qilish, ishsizlik, jinoyatchilik, oilaviy ajralishlarni bartaraf etish, umuman, mahallani obod va nurli maskanga aylantirish maqsadida "Mahalla yettiligi" tizimi yaratildi. Bugungi kunda mazkur tizim tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
[gallery-19139]
Seminarda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi raisining maslahatchisi Xotamjon Ketmonov, Andijon viloyati Mahallalar uyushmasi raisi Muhammadjon Nishonov, tuman, shahar mahalla uyushmalari rahbarlari, Andijon tumani mahallalarining “Mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etdi.
– “Mahalla yettiligi” faoliyati samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan yettilik a’zolarining bilim, malaka va ish tajribasiga bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi maslahatchisi Xotamjon Ketmonov. – Shu bois seminarning asosiy maqsadi, yettilik vakillarining bilim, malaka va tajribasini oshirishga qaratildi.
Shuningdek, tadbirda “Mahalla yettiligi” vakillarining asosiy vazifalari, belgilangan ishlarni samarali tashkil etish, bu borada ularning mas’uliyatini oshirish, har bir ishga sidqidildan yondashish muhimligi, umuman, samarali natijalarga erishish, ish hujjatlari to‘g‘ri yuritilishini ta’minlash, ilg‘or tajribalardan foydalanish yuzasidan topshiriq, taklif va tavsiyalar berildi.
– Seminar davomida faoliyatimizni samarali yuritish bo‘yicha keng bilim va tushunchalar oldik, – deydi Andijon tumanidagi “Mart” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi M. Qambarov. – Ishonamanki, o‘rganganlarimiz kelgusi ishlarimizni yanada samarali olib borishda qo‘l keladi.
Ochiq muloqot, savol-javob asosida o‘tgan seminarda Xotamjon Ketmonov ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.