Prezidentimiz joriy yil 26 sentyabr kuni mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Mahallalar – davlatimizning eng katta zamini” ekaniga urg‘u berdi. Shuningdek, endilikda har bir mahallada “Mahalla yettiligi” tizimi ish boshlashi ma’lum qilindi.
“Yettilik” tarkibidagi hokim yordamchilariga aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, ishsizlarni ish bilan ta’minlash va shu orqali kambag‘allikni qisqartirish vazifasi yuklatilgan. Bu, albatta, hokim yordamchilarining odamlar hayotini yaxshilashdagi o‘rni qanchalik muhim va mas’uliyatli ekanini anglatadi.
Xalqimiz azaldan tadbirkor, harakat qilsa, har ishning uddasidan chiqadigan iqtidorga ega. Tabiat o‘zgarishlariga tezkor yechim topish va qiyin vaziyatlardan maqbul yo‘l bilan chiqish hadisini olgan. Faqat ularga ozgina qo‘llab-quvvatlov va rag‘bat bo‘lsa bas, har ishni joy-joyiga qo‘yadi. Bu borada esa mahallalarda ish boshlagan hokim yordamchilarining o‘rni alohida bo‘lmoqda. Boisi, ular har bir oilaga kirib, vaqtincha ishsiz bo‘lgan, lekin qo‘lidan ish keladigan, tadbirkorlikka qobiliyati va qiziqishi bor, biror hunar o‘rganishni istayotgan fuqarolar, ayniqsa, yoshlar bilan suhbatlashib, ularning xohishiga qarab amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Mana shunday sa’y-harakatlar va o‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida birgina joriy yilning o‘tgan 9 oyida 1,9 million ishsiz fuqaro doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlandi, 1,3 millionining o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashildi, 80 ming kishi yakka tartibdagi tadbirkor (yollanma ishchilar bilan birga) sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, 95 ming fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga va 48 ming nafari hunarmandchilikka (shogirdlar hisobiga) jalb etildi, 238 ming nafariga ijara asosida yer ajratildi.

Aslida, bir kishining og‘irini yengil qilish, hayotiga mazmun bag‘ishlash katta ish. Negaki, har bir fuqaro jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi sanalib, ijtimoiy davlatda munosib yashashga haqlidir. Shu bois, hokim yordamchilarining mahalladagi ishsiz yurtdoshlarimiz bandligini ta’minlashdagi sa’y-harakatlari alohida e’tiborga molik.
Yana bir quvonarli jihat shundaki, bandligi ta’minlangan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan fuqarolar faqat o‘zi uchun harakat qilmayapti, ular yaqinlari, mahalladoshlarini ham ish bilan ta’minlay boshladi.
Fikrimizga misollar ko‘p. Xorazm viloyati Hazorasp tumani Bo‘ston mahallasida hokim yordamchisi ko‘magida ish boshlagan “Ro‘za Komila” oilaviy korxonasi bugungi kunda tikuvchilik yo‘nalishida 20 nafar ishsiz fuqaroning kasanachilik asosida bandligini ta’minladi.
Korxona fuqarolarga bolalar kiyimlarini tayyorlash uchun gazlama va yarim tayyor kiyimlarni yetkazib berib, har bir tayyor mahsulot uchun 1500 so‘mdan to‘lab bermoqda. Natijada kasanachilar bir oyda o‘rtacha 4 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad topyapti.
Yana bir misol, Farg‘ona shahar Curxtepa mahallasida tadbirkor Kamoliddin Zokirov tomonidan kosibchilik faoliyatini kengaytirish hisobiga mahalladagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsizlardan 50 nafari doimiy ishga joylashtirilgan. Bugungi kunda ushbu oilaviy korxonada 70 nafar ishchi faoliyat olib bormoqda.
Aholi bandligini ta’minlashda hokim yordamchilari tavsiyasi bilan ajratilayotgan kredit mablag‘lari ham qo‘l kelyapti. Masalan, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 364 mingta loyihaga 7,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Bunda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishiga 1838 milliard so‘m, shundan, 932 milliard so‘m issiqxona va bog‘dorchilik, 498 milliard so‘m chorvachilik, 131 milliard so‘m parrandachilik, 277 milliard so‘m baliqchilik, quyonchilik va asalarichilikni tashkil etish uchun yo‘naltirildi. Shu bilan birga, 4907 milliard so‘m xizmatlar sohasiga, 500 milliard so‘m hunarmandchilikka hamda ishlab chiqarish uchun 77 milliard so‘m kredit ajratildi.
Ta’kidlash joizki, ajratilgan kreditlarning 60 foizdan ortiq qismi xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishga yo‘naltirilgani aholiga qisqa muddatda daromad topish imkonini berib, kreditlarni o‘z vaqtida qaytarishda qo‘l kelmoqda. Qolaversa, yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishiga zamin yaratyapti.
So‘z isboti bilan mazmunli. Sergeli tumani O‘zgarish mahallasidagi hokim yordamchisi tavsiyasiga ko‘ra, fuqaro N.O‘lmasovaga bolalarni maktabga tayyorlash o‘quv markazini jihozlash uchun 33 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan va buning natijasida 8 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu esa tadbirkor o‘z ishini jadal yo‘lga qo‘yish va tezda foydaga kirib, kreditni vaqtida so‘ndirish uchun imkon berdi.
Yoki yana bir misol. Termiz tumani Amir Temur mahallasidagi fuqarolar ham ishning ko‘zini biladiganlardan. Lekin ularning ayrimlari o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun qo‘li kaltalik qilib kelardi. Buni o‘rgangan hokim yordamchisi mahalladagi 14 nafar xotin-qizga tikuvchilik va 3 nafar yoshga qandolatchilik qilishi uchun zarur asbob-uskunalar olib berishda ko‘maklashdi. Ya’ni hokim yordamchisi tavsiyasi asosida ularga subsidiya ajratildi va vaqtincha ishsiz bo‘lib turgan bu fuqarolar o‘z kichik biznesini yo‘lga qo‘yib oldi.
Bu boradagi ishlarni raqamlar ko‘rinishiga keltirsak, quyidagicha bo‘ladi: aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish bo‘yicha 45,6 ming fuqaroga 202,6 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi. Jumladan, tomorqa yerlarida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun 26,6 milliard so‘m, kooperativlarga a’zo bo‘lish uchun 2,3 milliard so‘m, malaka oshirish uchun o‘qishga yo‘naltirishga 4,3 milliard so‘m, asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish xarajatlariga 153,8 milliard so‘m sarflandi.
Xalqimizda “Hunarli kishi xor bo‘lmas”, degan purma’no maqol bor. Bu maqol bizning zamonda ham o‘z ta’sirini yo‘qotgani yo‘q. Yangilanib borayotgan dunyoda ba’zi kasblar ma’nan eskirib, ular o‘rnini zamonaviylari egallamoqda. Shu bois, bugungi davr shiddati ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasb-hunar egallashni ham talab qilmoqda.
Bu jihatlar hokim yordamchilari nazaridan chetda qolmayapti, albatta. Joriy yilning 9 oylik hisobotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 129 ming fuqaro zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qishga yo‘naltirilib, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qitilganini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
Xususan, Yangiyo‘l, Kogon shahar va To‘rtko‘l, Baliqchi, Bo‘ston, Qorako‘l, Zarbdor, O‘rta Chirchiq, Yozyovon, Rishton, Xonqa, Uchtepa, Shayxontohur tumanlarida kasb-hunar egallaganlar bandligini ta’minlash bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilgan.
Birgina Sirdaryo tumani Hikmatli mahallasida hokim yordamchisi tomonidan 87 fuqaro kasb-hunarga yo‘naltirilib, o‘qishni tamomlaganlardan 8 nafari sartaroshlik, 4 nafari tikuvchilik, 7 nafari pazandachilik va 68 nafari boshqa yo‘nalishlarda ish boshladi.
Fuqarolar bandligini ta’minlashda yangi va istiqbolli loyihalarning amalga oshirilayotgani ham muhim o‘rin tutadi. Gap shu haqda ketganida aytish joizki, hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 39 mingta (ish o‘rni 171 ming) “mahallabay” mikroloyihalardan 20 mingtasi (52 foizi) ishga tushirilib, 78 mingta ish o‘rni yaratildi.
Misol uchun, Quyi Chirchiq tumani Beruniy mahallasidagi hokim yordamchisi ko‘magida “NEW MISS WISE” MCHJ tomonidan kiyim-kechak ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish orqali 17 ta yangi ish o‘rni paydo bo‘ldi.
Prezidentimiz odamlar ertaga yoki olis kelajakda emas, bugun ham yaxshi yashashi uchun doim qayg‘urib keladi. Bu maqsad yo‘lida ko‘makchi sifatida hokim yordamchilarining ham hissasi borligini aytish adolatdan bo‘ladi, albatta.
Fikrimizni ayrim raqamlar bilan davom ettiramiz. Hokim yordamchilari, mahalla raislari va sektor rahbarlarining tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan joriy yilning 9 oyida mahallalarda 23,3 ming kilometr ta’mirtalab ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 21,7 ming kilometr yo‘llar asfalt qilindi, mahalla hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l yoqasida ming kilometr piyodalar yo‘lakchalari barpo etildi. Bundan tashqari, foydalanishga yaroqsiz holga kelgan 5,6 ming dona transformator, 123,1 ming dona simyog‘och va 90 ming dona tungi chiroq yangisiga almashtirildi. 32 ming kilometr ariqlarni tozalash va 6,8 mingta vertikal sug‘orish quduqlarini qurish orqali 302 mingdan ortiq xonadon tomorqasiga suv yetib bordi.
Bugun har bir tizim va soha rivojini zamonaviy texnologiyalar ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu mahallalar, jumladan, hokim yordamchilari faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Shu maqsadda joriy yil boshidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida tovarlar va xizmatlarni sotib olish va sotish uchun mo‘ljallangan onlayn bozor.uz platformasi ustida ish olib borilib, avgust oyida ishga tushirildi.
Mazkur platforma foydalanuvchilarga xilma-xil mahsulotlar va turli xizmatlarni sotish yoki sotib olish bo‘yicha bepul e’lonlar joylashtirish imkonini beradi.
Xo‘p, bu platformaning hokim yordamchilariga qanday daxli bor, dersiz. Gap shundaki, hokim yordamchilari ko‘magida mahallalarda tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovar (ko‘rsatilayotgan xizmat)lar hamda aholi tomonidan tomorqa va ijara yerlarda yetishtirilayotgan mahsulotlar mazkur platformaga joylashtirilmoqda. Bugungi kunda platformadan 1240 turdagi mahsulot va xizmatlar o‘rin olgan.
Kelgusida ushbu platformaning qamrovi va jozibadorligini yanada oshirish maqsadida Rossiyaning “Korporatsiya MSP” tashkiloti bilan agentligimiz o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Shunga o‘xshash yana bir yangilikni ham aytib o‘tmoqchimiz. Bugungi kunda hokim yordamchilari tomonidan “Onlayn mahalla” platformasining maxsus moduli orqali 1 milliondan ortiq kambag‘al oila uchun “Individual dastur”lar shakllantirildi.
Mazkur dastur doirasida kambag‘al oilalar daromadlarini oshirish maqsadida 9 turda, jami 1755 mingta amaliy chora-tadbir belgilandi. Shundan joriy yilning 1 oktyabriga qadar bu toifadagi xonadon a’zolaridan 77,9 ming nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 34,4 ming nafariga imtiyozli kredit va 6,9 ming nafariga subsidiya ajratildi.
Ta’kidlash joizki, dasturga kiritilgan oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va daromadlarini minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshirishga erishish maqsadida aholi daromadini oshirish bo‘yicha ajratilayotgan moliyaviy resurslar birinchi navbatda ularga yo‘naltirib boriladi.
Darvoqe, aholi murojaatlarini tizimli hal etish, ularni nazoratga olish va doimiy monitoring qilish maqsadida “Onlayn mahalla” elektron platformasi Xalq qabulxonasi platformasiga integratsiya qilindi.
Tizim doirasida aholi murojaatlari hokim yordamchilarining plansheti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli mas’ul tashkilotga yuborilib, ijrosi Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olinmoqda. Natijada, joriy yil boshidan hokim yordamchilari tomonidan jami 5020 murojaat modul orqali tegishli mas’ul tashkilotga yuborilgan.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumotni keltirmoqchimiz. Joriy yilning 9 oyida hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘maklar hisobiga avval o‘zini o‘zi band qilgan 39 ming fuqaroning 17 ming nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida va 22 ming nafari kichik biznes sub’ekti sifatida faoliyatini boshladi.
Kelgusida ushbu ishlarni davom ettirish maqsadida har chorakda kamida 3 ta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kichik biznes sub’ektiga aylantirish choralari ko‘rib boriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, hokim yordamchilarining mahallalardagi o‘rni va odamlar hayotini o‘zgartirishdagi ko‘magi e’tiborga molikdir. Negaki, har bir ezgu ishning boshida turish va insonlarga ko‘maklashish xayrli amaldir. Lekin bu yo‘lda hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p. Barchamizga ishonch beradigani esa mamlakatimizda boshlangan islohotlarning ortga qaytmas tus olgani va ijtimoiy davlat qurish yo‘lida mustahkam huquqiy asos yaratilganidir.
Mirzohid Ubaydullayev,
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni
rivojlantirish agentligi direktori