Bugungi kunda mahallalarning jamiyatdagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, uni mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Mahalla yettiligi” modeli orqali aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish samarali yo‘lga qo‘yilmoqda. Aholi bilan ochiq muloqot, uyma-uy o‘rganish va manzilli yondashuv orqali fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarining qariyb 80 foizi mahallaning o‘zida hal etilmoqda. Bu esa mahallaning davlat organlari bilan aholi o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik sifatidagi rolini yanada mustahkamlamoqda.

– 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida 42 ming 529 nafar ishsiz fuqaro daromadli mehnatga jalb qilinib, 114 ta mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylantirildi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elyor Kenjayev. – Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlar natijasida esa jinoyatchilik holatlari sezilarli darajada kamaydi. Viloyat bo‘ylab minglab videokuzatuv kameralarining o‘rnatilishi, zamonaviy domofon tizimining joriy etilishi hamda profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan “mahalla yettiligi”, ko‘chaboshi va nuroniylar ishtirokida olib borilgan ishlash usullari samara berdi. Natijada “qizil” toifadagi mahallalar soni ikki barobarga yaqin qisqarib, 168 ta mahalla jinoyatchilikdan xoli hudud sifatida shakllandi.

Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda oila institutini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xotin-qizlar muammolarini aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida 48 mingta xotin-qizlarning muammolaridan qariyb 46,5 mingtasi ijobiy yechim topdi. Ajrim yoqasida turgan 714 ta oila yarashtirilib, 5 ming 641 nafar xotin-qizga turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi. Natijada 66 ta mahalla oilaviy ajrimdan xoli hududga aylandi. Bu esa mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
“Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari mahallalar qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Minglab ko‘chalar, yuz minglab xonadonlar va ko‘p qavatli uylar ta’mirlanib, kommunal hamda sanitar holati yaxshilandi. “Yashil makon” loyihasi doirasida rejadan ortiq daraxt va ko‘chatlar ekilishi aholining ekologik madaniyati hamda faolligini namoyon etmoqda.

Mahallalarning iqtisodiy salohiyatini oshirish maqsadida tomorqadan samarali foydalanish, limonchilik va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ham o‘z natijasini bermoqda. Viloyatning Karmana, Navbahor, Xatirchi, Qiziltepa, Nurota va Konimex tumanlarida 35 ming 824 ta xonadon ixtisoslashtirilib, tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada eksport hajmi qariyb 10 million dollarga yetib, aholi daromadi oshmoqda.

Viloyatda “Raqamli mahalla” platformasi orqali aholi muammolarini tezkor aniqlash va hal etish, ijtimoiy reyestrlar bilan ishlash amaliyoti joriy etildi. Bu jarayon mahalla faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, amalga oshirilgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mahalla bugun jamiyat hayotining markaziy bo‘g‘iniga aylanib, ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy faollik va ma’naviy taraqqiyotni ta’minlovchi muhim institut sifatida namoyon bo‘lmoqda. “Mahalla yettiligi” modeli esa islohotlarning joylardagi amaliy samarasini ta’minlab, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlamoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri