English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla yettiligi” o‘qitilmoqda
17:25 / 2024-02-05

Samarqandda viloyat hokimligi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali hamkorligida “mahalla yettiligi” uchun o‘quv- seminarlar boshlandi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 dekabr kuni qabul qilingan “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalar uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda mazkur hujjatlarda belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmlarini ijrochilarga yetkazish maqsadida tashkil etilgan seminarlarda viloyatdagi 1126 mahalladan 6065 nafar xodim jalb qilinishi belgilangan.

Mashg‘ulotlar Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlangan malakali trenerlar, mutasaddi idora va tashkilotlar mas’ullari tomonidan olib borilmoqda.

[gallery-15794]

– Bu yil mahalla instituti faoliyati tubdan takomillashtirilib, boshqaruvning mazkur bo‘g‘ini huquq va vakolatlari kengaytirilmoqda, – deydi Samarqand viloyat hokimligi huzuridagi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi direktori Toshtemir Ergashev. – Yaqinda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, hududlarda esa boshqarma va bo‘limlari tashkil etildi. Shuningdek, viloyat, tuman va shaharlarda hokimlar boshchiligidagi mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari tuzildi. Davlatimiz rahbarining farmon va qarorida uyushma va kengashning vazifalari, mahallalarning aholi muammolarini hal etishdagi rolini oshirishning aniq chora-tadbirlari, “mahalla yettiligi”ning funksiyalari belgilab berildi. O‘quvlarda mahalla xodimlariga ana shu o‘zgarishlar, har bir mas’ul zimmasidagi vazifalar tushuntirilmoqda. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimning mahallada qanday faoliyat olib borishi malakali trenerlar bilan birga shu sohalarning mas’ullari tomonidan tinglovchilarga yetkazilmoqda.

O‘quv dasturidan yettilik faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalar, jumladan, mahalla raislari faoliyati, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar ishlari, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, ijtimoiy himoya, soliq, ma’naviyat va ma’rifat, adliya yo‘nalishlaridagi mavzular o‘rin olgan.  

– 25 yildan beri mahallada ishlayman, – deydi Samarqand shahridagi Mingtut mahallasi xotin-qizlar faoli Nazokat Safarova. – Yaqingacha mahalla faollarining faoliyat yo‘nalishlari turli hujjatlar asosida belgilanib, o‘zaro muvofiqlashtirilmagan edi. Aytaylik, ijtimoiy xizmat, soliq tushumi, aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni kezi kelsa, rais ham, biz ham qilib ketaverganmiz. Yangi tuzilmada barcha vazifalar aniq belgilab qo‘yilgan. Bu nafaqat alohida yo‘nalish, balki jamoaviy ish samaradorligiga ham ijobiy ta’sir qiladi.

O‘quv-seminarlar joriy yilning 17 fevraliga qadar davom etadi. Seminarlar yakunida ishtirokchilardan ijtimoiy so‘rov va test sinovi olinishi belgilangan.

 G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),

O‘zA muxbirlari