Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla yettiligi” ishonchni oqlashi kerak
22:17 / 2025-10-15

“Mahalla yettiligi” tizimi amaliyotga tadbiq etilgandan buyon aholining muammolarini mahalla darajasida hal etish samaradorligi oshib, yettilikning kollegial qarorlari asosida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli tobora yaxshilanib bormoqda. Shuningdek, mahallalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanyapti, infratuzilmasi takomillashib, yangi, zamonaviy qiyofa bilan boyib bormoqda.

Bu boradagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 14 oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan mahalla tizimidagi muammolar, ularni bartaraf etish yechimlari, “mahalla yettiligi” tizimini samarali tashkil etish zarurati, mahallarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash haqida so‘z yuritildi.

Xususan, so‘nggi yillarda mahalla tizimida tub o‘zgarishlar amalga oshirilib, aholi muammolarini joyida hal etish uchun kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ortiq xizmatlar bevosita mahalla darajasiga tushirilganligi va ushbu tizim natijasida 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarilganligi, ishsizlik darajasi esa 2 barobar qisqarganligi ta’kidlandi. Ayniqsa, 3,5 mingdan ortiq mahallaning qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelganligi alohida qayd etildi va bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi. 

Yig‘ilishda yaxshi natijalarga erishayotgan mahallalar ko‘pligi ta’kidlanib, shu bilan birga, ayrim hududlarda jamoaviy ishlash tizimi hali to‘laqonli yo‘lga qo‘yilmaganiga e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari mahalla fuqarolar yig‘inlariga berilayotgan vakolatlardan samarali foydalanayotgan mahallalarni e’tirof etib, Samarqand shahridagi Shodlik mahallasi hududda foydalanilmay turgan binoni auksion savdosiga chiqarishi natijasida o‘z hisobiga 5,1 milliard mablag‘ tushirishga erishganini ijobiy tajriba sifatida ta’kidladi. 

– Bizga bo‘sh turgan binolarni auksionga chiqarish vakolati berilgani tufayli mahallamizdagi sobiq korxona binosini 6 milliard so‘mga sotdik va uning 5,1 milliard so‘mi mahalla hisobiga tushdi, – dedi yig‘ilishda so‘zda chiqqan Shodlik mahallasi raisi Furqat Sodiqov. – Bu 90 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratish imkoniyatini berdi. Yil oxirigacha mahallamizdagi barcha ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlaymiz, 8 ta kam ta’minlangan oilani kambag‘allikdan chiqarib, ajrim va jinoyatchilikdan xoli maskanga aylantiramiz. 

Shodlik mahallasining natijasi viloyatimizdagi 1080 mahallada, hatto respublika miqyosida ham erishilmagan. Lekin endi bu boradagi tashabbuskorlikni boshqa mahallalarda ham ommalashtirish zarurligi davlatimiz rahbarining tomonidan alohida qayd etildi. 

Yig‘ilishda Prezidentimiz mahallalarning ixtisoslashuvini davom ettirish, tozalik va ozodalikka alohida e’tibor qaratish lozimligini belgilab berdi. 15 oktyabrdan mamlakatimiz bo‘ylab “Tozalik va ozodalik oyligi” e’lon qilindi. 
Biz ham ushbu oylikni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida viloyatimiz ahliga, “mahalla yettiligi” a’zolariga chaqiriq e’lon qildik.

Oylik doirasida barcha mahallalardagi aholi xonadonlari va ko‘chalarni obodonlashtirish, tomorqalarni tartibga keltirish, ariq-zovurlarni tozalash, ehtiyojmand oilalarning xonadonlarini ta’mirlash, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ziyoratgoh va qabristonlarga olib boruvchi yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgiladik. Kechadan mahallalarimizda bu ishlarga kirishildi.

Shuningdek, yig‘ilishda respublika bo‘yicha bir mingga yaqin zamonaviy mahalla binolari barpo etilishi, tadbirkorlarga soliq imtiyozlari berilishi aytildi. Buning uchun, eng avvalo, viloyatda “Islohotlar shtabi” doirasida tadbirkorlar bilan maslahat qilinib, mahalla binosini qurish uchun aniq joy belgilab, tuman va shahar hokimlari tomonidan yer ajratib berish vazifasi topshirildi.

Shahar va viloyat markazida tadbirkorlar tomonidan qurilib, pastki qavatida “mahalla yettiligi” joylashgan binolar 3 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinishi belgilandi. Qishloq joylarida esa bu imtiyoz 7 yil muddatga bo‘ladi hamda yangi servis ob’ektlari tashkil qilinadi. 

Viloyatimizda joriy yilda 20 ta mahalla binosi foydalanishga topshirilgan bo‘lsada, yana 50 tasida qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar asosida bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtiramiz. 

Umuman olganda, Prezidentimiz rahbarligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi mahalla tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, aholi turmush darajasini yuksaltirish va ularning hayotiga bevosita ta’sir etadigan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Isroil JABBOROV,

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i.

O‘zA