Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi “Yerjar” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “mahalla yettilligi” a’zolari bilan uchrashdi va ularning ish faoliyati atroflicha o‘rganildi.
Uchrashuv davomida mahalladagi o‘zgarishlar, yaratilgan yangi ish o‘rinlari, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida erishilgan yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish to‘g‘risida davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash, hududda amalga oshirilgan ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar, aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar qanchalik bajarilayotgani, amalga oshirilgan loyihalarning aholi uchun foydasi va kelajakdagi rejalar haqida batafsil so‘z yuritildi.
[gallery-21827]
Mahalla fuqarolari bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish borasida olib borilayotgan ishlar hali yetarli darajada emasligi, “mahalla yettiligi” mavjud imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanmaganligi qayd etildi.
Shuningdek, muloqot jarayonida xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish masalalari ham muhokama mavzusidan o‘rin oldi.
Yerjar mahallasida jinoyatchilikni kamaytirish va xavfsizlikni mustahkamlash uchun yangi chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi ko‘zdan kechirildi va ushbu jarayonlar mahalla aholisining xavfsiz va osoyishta yashashini ta’minlashga qaratilganligi ta’kidlab o‘tildi.
O‘rganishlar jarayonida mahalladagi ijtimoiy tarmoqlar faoliyati bilan tanishildi. Mahalla faollari bilan uchrashib yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida mahalladagi kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari belgilandi. Tajriba almashish va yangiliklarni o‘rganish, keyingi bosqichlarda ishlash uchun zarur bo‘lgan rejalar tuzilib, qarorlar qabul qilindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari