O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga “mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni jadallashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024 yil 4 dekabrdagi PQ-421-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining:
“mahalla yettiligi” imkoniyatlaridan foydalangan holda aholini jamoaviy sport turlariga jalb qilish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI)ga erishish bo‘yicha ish rejalarini ishlab chiqishda aholini jamoaviy sport turlariga jalb qilish mezonlariga alohida e’tibor qaratish;
aholiga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda faollik ko‘rsatgan shaxslarni har tomonlama rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritiladi.
Ikki oy muddatda “mahalla yettiligi” a’zolari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha baholash metodikasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomlarni tasdiqlash haqida” 2016 yil 27 apreldagi 123-son qarorida:
a) 1-ilovaning 6-bandi quyidagi mazmundagi o‘n oltinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“hududda aholini jamoaviy sport turlariga jalb qilish, ushbu sohada faollik ko‘rsatgan shaxslarni har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oishirishni tashkil etish”;
b) 2-ilovaning 6-bandi quyidagi mazmundagi o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“hududda aholini jamoaviy sport turlariga jalb qilish, ushbu sohada faollik ko‘rsatgan shaxslarni har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy-chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amlga oshirishni tashkil etish”;
v) 3-ilovaning 6-bandi “hududda aholini jamoaviy sport turlariga jalb qilish, ushbu sohada faollik ko‘rsatgan shaxslarni har tomonlama rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy-chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish”.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 iyuldagi 463-son qarori bilan tasdiqlangan Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:
“Bunda hududning jamoaviy sport turldari bo‘yicha sport musobaqalaridagi natijalari va aholini jamoaviy sport turlariga jalb qilish mezonlariga alohida e’tibor qaratiladi”.
O‘zA