Mamlakatimiz mahallalarning tarixiy taraqqiyotida yangi davr boshlanmoqda.
Hozirda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin mahalla bor. So‘nggi yillarda mahalla institutini isloh qilish va uni xalq hayotiga yaqin, samarali tizimga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli aholini mamnun qiladigan ularga quvonch bag‘ishlaydigan ishlar amalga oshirildi. Mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish orqali «Ijtimoiy mahalla» tizimi doirasida mahallalardagi shart-sharoitlar, infratuzilma va ob’ektlar ahvoli, qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi, ekologik vaziyat va boshqa masalalarni fuqarolar tomonidan virtual monitoring (mobil ilova, ijtimoiy tarmoqlar va h.k.) qilish amaliyoti joriy etilmoqda. «Ijtimoiy mahalla» tizimi orqali mahallada ahvolni o‘rganish yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish tashkil etilmoqda. Mahallalarning institutsional asoslarini takomillashtirish, mazkur tizim uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash ishlari bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. “Mahalla yettiligi” tizimi amaliyotga tatbiq etilgandan buyon aholining muammolarini mahalla darajasida hal etish samaradorligi oshib, yettilikning kollegial qarorlari asosida mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli tobora yaxshilanib bormoqda. Shuningdek, mahallalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanyapti, infratuzilmasi takomillashib, yangi, zamonaviy qiyofa bilan boyib bormoqda. Kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi. Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi. «Mahalla yettiligi» a’zolari tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘ini oldida hisobot berish tartibi hamda ko‘chaboshi va uyboshilar faoliyatini tashkil etish tartibining huquqiy asoslari yaratildi. Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi, infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda. O‘zbekistonda mahallalarning nomi, joylashgan hududi, STIRi kabi ma’lumotlar to‘planadigan MFY yagona reyestri shakllantiriladi. Mazkur reyestr mahallaga oid to‘liq ma’lumotlarni shakllantirish, jismoniy shaxslarning manzil ma’lumotlari, yuridik shaxslar va kadastr ob’ektlari ma’lumotlarini mahalla kesimida shakllantirish, davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari tomonidan o‘zlarining axborot tizimlarida shakllanadigan mahalla kesimidagi ma’lumotlarni "Elektron hukumat" tizimining yagona infratuzilmasiga birlashtirish maqsadida yuritiladigan bo‘ldi. Mazkur reyestr tashkilotlar bilan hamkorlik uchun zarur bo‘lgan mahallaga oid yagona ma’lumot manbai hisoblanadi. Endilikda raqamli mahalla institutini shakllantirish maqsadida 2030-yilga qadar mahallalarni yuz foiz raqamlashtirish vazifalari belgilangan.
O‘zbekistonning 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish to‘g‘risida ixtiyoriy milliy hisobotida ham ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, manzilli ijtimoiy himoya masalalarini bevosita aholi yashash joylarida (mahallalarda) ko‘rib chiqiladigan, boshqa xorijiy mamlakatlardan farq qiluvchi mahalla milliy modeli amalga oshirilmoqda. Mazkur tamoyil asosida bir qator institutsional islohotlar amalga oshirilib, boshqaruv tizimi isloh qilinmoqda, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning barcha sohalarida aholi va fuqarolik jamiyatining keng ishtiroki orqali demokratiyaning rivojlanishi ta’minlanmoqda. "Ochiq byudjet" tizimi faol ishlab chiqilib, yangi "mahalla byudjeti" tizimi amaliyotga joriy qilinishi natijasida aholi mahalliy byudjet mablag‘larini aniq talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda taqsimlashda bevosita ishtirok etib, o‘zlarining muammolarini mustaqil hal etmoqda.
Kezi kelganda shuni aytish joizki, mamlakatimiz fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari taraqqiyotidagi yangi bosqichida milliy qonunchilikni rivojlantirishning ob’ektiv ehtiyojidan kelib chiqib bu borada normaijodkorlik faoliyatini amalga oshirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 22-apreldagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida” gi qonuni (yangi tahriri) takomillashtirish zaruriyati vujudga kelmoqda. Mazkur qonunni hozirda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan strategik siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlarga monand tarzda uni tizimlashtirish va birxillashtirish hamda aqlli tartibga solish elementlari bilan uyg‘unlashtirishni taqozo etmoqda. Eng avvalo, mazkur qonunni “Raqamli mahalla”ga oid ustuvor normalar bilan to‘ldirish lozim. Raqamli mahalla platformasini boshqa tegishli davlat tashkilotlar axborot tizimlari bilan integratsiya qilish ishlarini huquqiy ta’minlashni yanada takomillashtirish lozim. Boshqacha aytganda, fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatida axborot kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish tartibi va asoslariga bag‘ishlangan normalarni belgilash zarur. Zamonaviy raqamli boshqaruv tizimini shakllantirish maqsadida kelgusida fuqarolarning o‘zini–o‘zi boshqarish organlari faoliyatida sun’iy intellektdan foydalanishga oid normalarni nazarda tutish zamonaviy raqamli texnologik o‘zgarishlarga ham mos bo‘lar edi.
Shuningdek, mahalla kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida mahalla raisi va xodimlari shu jumladan, mahalla yettiligi vakillarini maxsus raqamli dasturiy ta’minotlarga muvofiq davriy ravishda o‘qitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi, ular faoliyatini ilmiy tadqiq etib o‘rganishning samaradorligini oshirish hamda uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va va moliyalashtirish tartibi va asoslariga oid ustuvor normalarni belgilash lozim. Bundan tashqari, fuqarolar yig‘ini raislarini professional mediatorlikka bosqichma-bosqich o‘qitib borish, professional mediatorlikka o‘qitilgan fuqarolar yig‘ini raislari otaning (onaning) voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mediatorlik faoliyatini bepul amalga oshirishga xaqliligiga oid ustuvor normalarni nazarda tutish ham sohaviy maxsus qonunchilikning bu haqdagi normalarni tizimli mazmunda ifoda etishning zamonaviy tendensiyalariga mos bo‘lur edi. Eng muhimi, bugungi kunda mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, aholining daromadlarini ko‘paytirish, bir so‘z bilan aytganda, mahalla iqtisodiy rivojlanishining huquqiy asoslarini takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda, mahallaning moliyaviy-iqtisodiy rivojlanishi qonun ustuvorligi, iqtisodiy faoliyat erkinligi, xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik prinsiplariga asoslanadi. Mahalla hududida startap loyihalarni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlik, ijtimoiy va raqamli ishlar, xizmatlar, o‘zini o‘zi band qilishni qo‘llab-quvvatlashda mahalla davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tadbirkorlik sub’ektlari bilan hamkorligi haqida aniq normalarni belgilash lozim. Boshqaruv servis kompaniyasida yoshlar uchun kasb-hunar o‘quvlari, maishiy xizmat shoxobchalarini joylashtirish ayniqsa, mamlakatimiz va dunyoning nufuzli kutubxonalari bilan raqamli integratsiyalashtirilgan kichik kutubxonalarni joylashtirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mahallaning iqtisodiy rivojlanishiga qaratilgan dasturlar va loyihalar davlat va mahalliy dasturlar bilan uyg‘un holda amalga oshiriladi hamda ularni moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan manbalar hisobidan ta’minlanadi.
Ruzinazarov Shuxrat Nuraliyevich,
yuridik fanlari doktori, professor