Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla yangilanishlarning asosiy bo‘g‘iniga aylandi
13:53 / 2025-04-19

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida joriy yilning may-iyul olarida bo‘lib o‘tadigan mahalla raisi saylovlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mahallalar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Javdatxon Inog‘omov keyingi yillarda mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash, tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirish, uning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar hayotga joriy etilayotganini e’tirof etdi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mahalla tizimining aniq mexanizmi belgilab berilgani diqqatga sazovor. Mahallaga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar taqdim etilyapti, vakolat ham, mas’uliyat ham quyi tizimga tushirilmoqda.

Natijada mahalla har bir oila, har bir inson muammosi, dardu tashvishiga chuqur kirib bora oladigan xalqchil tuzilma sifatida yanada faollashdi.

Mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori “mahalla yettiligi”ni tashkil qilib, yagona jamoa sifatida ishlash tartibi joriy etildi.

Bugungi kunda, 9 ming 452 ta mahallada 57 ming 132 nafar “Mahalla yettiligi” a’zolari faoliyat olib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq endilikda mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirildi.  

Shuningdek, Vatanimiz tarixida ilk bor saylovlar yangicha demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora, fuqarolarimizning xohish va irodasini erkin ifoda etish prinsiplariga xos tarzda o‘tkaziladi.

Qonunchilikdagi muhim o‘zgartirishlardan yana biri – mahalla raisi saylovini o‘tkazish muddatlarini belgilash normasi endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari vakolatiga o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu o‘zgartirish joylardagi mahallalarning mahalliy vakillik organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishiga yordam beradi.  

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalla raisi sayloviga tayyorgarlik tadbirlari, o‘tkazish muddatlari va tartibini belgilovchi vakolatlarni nomarkazlashtirish hisoblanadi.

Qonunga kiritilgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar fuqarolar yig‘ini saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga, saylovga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibini belgilovchi vakolatlarni nomarkazlashtirishga, fuqarolar yig‘inlari raislarini o‘z bilim va qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishlariga xizmat qiladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida Mahallalar uyushmasi tomonidan 2024 yilda bajarilgan ishlar hisoboti va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda  yurtimizdagi mahallalar to‘liq zamonaviy shaklda faoliyat olib borib, mamlakatimizdagi  islohotlarning lokomotiv bo‘g‘iniga aylandi. 

O‘tgan davr mobaynida “mahalla yettiligi” tomonidan aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oilalarda tinchlik-totuvlik va hamjihatlikni targ‘ib etish maqsadida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.  

“Mahalla yettiligi”ning o‘tgan bir yillik faoliyati davomida 4 ming 901 ta (52 foiz) mahalla jinoyatchilikdan, 2 ming 930 ta (31 foiz) mahalla oilaviy ajrimdan, 1 ming 795 ta (19 foiz) mahalla ishsizlikdan xoli hududga aylantirildi.

Aholi murojaatlarining qariyb 80 foizini mahallaning o‘zida hal etish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Davlatimiz rahbarining yana bir tashabbusi bilan mahalla obodligini yaxshilashda aholiga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 208 ta tuman (shahar)ning 1 tadan mahallasida “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilindi.

O‘zbekiston misolida ilk marotaba “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusida I xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Joriy yilning may-iyul oylarida o‘tkaziladigan fuqarolar yig‘ini raislari sayloviga Respublika shtabi va joylardagi komissiyalar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, Mahallalar uyushmasida Respublika shtabi, 14 ta hududda hamda 208 ta tuman va shaharlarda mahalla raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar qoshida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

9 ming 452 ta mahalladagi ishchi guruhlarning ish samaradorligini oshirish uchun 10 turdagi kanselyariya mahsuloti, har bir mahallaga saylovga oid targ‘ibot plakatlari, saylovga chorlovchi bannerlar hamda nomzodlar va saylovga oid ma’lumotlar stendi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

14 ta hududda Kengashlarning sessiyalari o‘tkazilib, mahalla raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari (jami 338 nafar a’zolardan iborat) va chora tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

208 ta tuman (shahar) Kengashlari sessiyalari qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tumanlar va shaharlar komissiyalari (jami 4 090 nafar a’zolardan iborat) tasdiqlandi.

Mahalla raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha 9 ming 452 ta mahallada fuqarolar yig‘inlari vakillar yig‘ilishlari qarori bilan ishchi ishchi guruhlar (85 150 nafar a’zolari) tasdiqlandi.

Adliya vazirligi bilan birgalikda joriy yilning fevral-mart oylarida ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlar a’zolari o‘qitildi.

Shuningdek, ular faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha “Mahalla raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha” uslubiy tavsiya, “Mahalla sayloviga oid 100 savolga 100 javob” va “Mahalla raisi sayloviga oid normativ-hujjatlar to‘plami” uslubiy qo‘llanmalari, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Ishchi guruhlar uchun eslatma” ishlab chiqilib, hududlarga yetkazildi.

May-iyul oylarida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishchi guruhlar tomonidan 208 ta tuman (shahar) ko‘maklashuvchi komissiyalarning qarori bilan 9452 ta mahallada vakillar miqdori belgilandi. Saylovda 2 million 591 ming 823 nafar vakil ishtirok etishi kutilmoqda.

Matbuot anjumanida saylov kampaniyasining rasmiy belgisi va shiorlari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, jamoatchilik faollari hamda OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan atroflicha javob olishdi.  

N.Usmonova, O‘zA