2026 yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu qaror so‘nggi yillarda mahalla institutida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, aholi turmush sifatini yanada oshirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamdir.
Mahalla o‘zbek xalqi uchun faqat hududiy birlik emas, balki o‘zaro yordam, hamjihatlik va birdamlik maskani hisoblanadi. Asrlar davomida shakllangan ushbu tizim bugun Yangi O‘zbekiston islohotlarining eng quyi, eng xalqchil bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, yangi yilga shu nom berilishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda mahalla kesimida amalga oshirilgan islohotlar aholi turmush darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Kambag‘allik darajasi keskin qisqarib, bir vaqtlar aholining qariyb uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashagan bo‘lsa, bugun ushbu ko‘rsatkich 5,8 foizni tashkil etmoqda. So‘nggi yillarda 8,5 million nafar fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi. Faqat 2025 yilning o‘zida 1,5 million kishining turmush sharoiti yaxshilandi.
Ishsizlik darajasi ham pasayib, yil boshida 5,5 foiz bo‘lgan ko‘rsatkich hozirda 4,9 foizga tushdi. Ayrim hududlarda ishsizlik “tabiiy daraja”ga yaqinlashdi.
Tarixiy natija sifatida ilk bor 1 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli hudud” maqomini oldi. Bu minglab oilalar uchun barqaror daromad va farovon hayot deganidir.
Mahalladagi islohotlar, avvalo, infratuzilma orqali namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda 188 ta mahallada 715 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 867 ta “og‘ir” mahallada 470 ming xonadon tomorqa sug‘orish suviga ega bo‘ldi, 2,3 million nafar aholining suv ta’minoti yaxshilandi.
So‘nggi 9 yilda 210 million kvadrat metr turar-joy va boshqa binolar barpo etildi. Faqat 2025 yilda 135 ming xonadon yangi uy-joylar bilan ta’minlandi.
Bugun har bir mahallada joriy etilgan “mahalla yettiligi” tizimi fuqarolar muammolarini joyida hal etish imkonini bermoqda. Ushbu tizim mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, soliq inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodimni o‘z ichiga oladi.
2026 yilgi aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik jarayonida 60 mingdan ziyod “mahalla yettiligi” vakillari maxsus o‘quvlardan o‘tdi. Ijtimoiy so‘rovlar natijalariga ko‘ra, aholining 90 foizdan ortig‘i o‘zini mahalla jamoasining ajralmas qismi deb hisoblaydi.
Murojaatnomada 2026 yil uchun qator aniq rejalar belgilab berildi. Jumladan, mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun hududlarga 20 trillion so‘m ajratiladi. 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahallada barcha muammolar kompleks tarzda hal etiladi, bunga 8,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi. “Mahallada sanoat va xizmat” loyihasi doirasida 10 mingdan ortiq loyiha uchun 5 trillion so‘m kredit ajratilib, 100 ming yangi ish o‘rni yaratiladi. Har bir mahallada 40 tadan mikroloyiha amalga oshirilib, 360 ming nafar aholi bandligi ta’minlanadi.
Ta’kidlash joizki, yangi yondashuv Samarqand viloyatining Urgut tumanida sinov tariqasida boshlandi. Bu yerda 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy ekoshahar barpo etiladi. 2026 yilda tumanga 544 milliard so‘m ajratilib, ijtimoiy ob’ektlar quriladi, yo‘llar barpo etiladi va muhandislik infratuzilmasi yaxshilanadi. Mazkur tajriba 2030 yilgacha barcha hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, 2026 yil mahalla institutini yangi bosqichga olib chiqadigan yil bo‘ladi. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar aholi faolligi, tashabbusi va hamjihatligi bilan uyg‘unlashgandagina kutilgan natijaga erishish mumkin. Mahalla rivojlansa, jamiyat barqaror bo‘ladi. Jamiyat barqaror bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti ta’minlanadi.
Xurshid Botirov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
ilmiy xodimi.