Asaka tumanida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahalla tizimi xodimlari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini, sodir etilayotgan jinoyatlarni keskin kamaytirish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Andijon viloyati mahallalarida mazkur yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida tuman va shaharlarda o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarlarda mahallalarda faoliyat olib borayotgan “beshlik” tizimi xodimlari tahsil olib, o‘zlarining bilim, malaka va tajribalarini oshirmoqda.
[gallery-14650]
Asaka tumanida tashkil etilgan seminarda huquqshunoslar, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ishtirokchilarga yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish, bu boradagi qonunchilikda belgilangan tartib va me’yorlar, yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan zarur ma’lumot va bilimlar berildi, ilg‘or tajribalar bilan tanishtirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari