Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘lari qanday maqsadlarga sarflangan?
14:30 / 2023-07-21

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda “Mahalla” xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Hasan Salomov fondning 2023 yil birinchi yarmidagi faoliyati xususidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyi davomida fond mablag‘lari hisobidan qariyb 6 ming fuqaroga 5 milliard so‘mdan ziyod moddiy yordam berilgan. Xususan, 545 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga 2,5 milliard so‘mga yaqin, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga esa 1 milliard 300 million so‘mdan ziyod xayriya yordamlari ko‘rsatilgan.  

700 nafar kam ta’minlangan oilaga 900 million so‘mlik moddiy yordam ajratilgan. Bundan tashqari, 22 nafar chin yetimning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishlari uchun shartnoma pullari to‘lab berilgan. 118 nafar yakka-yolg‘iz keksalar hamda 409 nafar urush va mehnat fronti faxriylari holidan xabar olingan.  

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yarim yilda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan fuqarolarimiz va qatag‘on qurboni bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizning ehtiyojmand avlodlariga ham beminnat xayriya yordamlari ko‘rsatilgan.  

Yosh avlodni ma’nan yetuk va barkamol qilib tarbiyalashda teatrning ahamiyati g‘oyatda katta. Shu bois fond maktab o‘quvchilarini teatrlarga jalb etishga alohida e’tibor qaratdi. O‘tgan 6 oy mobaynida 345 ming maktab o‘quvchilarining teatrlarga tashriflari amalga oshirildi. Buning uchun esa salkam 3 milliard so‘m yo‘naltirildi. 

Ehtiyojmand oila farzandlarining oromgohlarda dam olishlarini tashkil etish maqsadida 218 nafar kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun fond mablag‘lari hisobidan 311 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA