Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla – xalq manfaatlari himoyachisi va tarbiya beshigi
18:06 / 2025-10-27

Ma’lumki, joriy yilning 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalar va berilgan ko‘rsatmalar mahallalarimiz hayotida yangi bosqichni boshlab berdi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, shahar va viloyat markazlarida tadbirkorlar tashabbusi bilan qurilayotgan, quyi qavatida “mahalla yettiligi” uchun qulay ish joylari yaratiladigan binolar 3 yil muddatga yer va mol-mulk solig‘idan ozod qilinishi belgilandi. Qishloq joylarda esa bu imtiyozlar 7 yil muddatga tatbiq etiladi. Shuningdek, bino egalari bo‘lgan tadbirkorlar ushbu davr mobaynida foyda va aylanmadan soliqlarni 50 foizga qisqartirilgan stavkada to‘laydilar. Bu chora-tadbirlar mahallada samarali ish tashkil etish, joylarda faol fuqarolik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda e’tibor qaratilib, dolzarb deb topilgan masalalardan yana biri – oilaviy munosabatlar va yoshlar tarbiyasi bo‘ldi. Prezidentimiz oilalarda ajrimlar sonining ortib borayotgani, aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash, shuningdek, ayrim erkaklarning oilasi va farzandlarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari, bundan tashqari, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari haqida gapirib, bu holatlar har bir mas’ul shaxsni, “mahalla yettiligi”ni, nuroniylar va butun jamoatchilikni jiddiy o‘ylantirishi lozimligini ta’kidladilar.

Darhaqiqat, oila qurish — nafaqat ikki insonning birlashuvi, balki ularning kelajak avlod oldidagi ulkan mas’uliyatidir. Shu nuqtai nazardan, yoshlarga nikohda mas’uliyatni his etish, ajrimlar vaqtida eng katta jabr ko‘ruvchi — farzandlar ekanini anglatish, shuningdek, nikoh shartnomasi tuzishning ahamiyatini tushuntirish muhim vazifalardan biri etib belgilandi. Bu esa jamiyatimizda yillar davomida yechim kutayotgan muhim muammolardan biridir.

Mahalla — bu nafaqat hududiy birlik, balki har bir fuqaroning tarbiyasi, odobi va jamiyat bilan munosabati shakllanadigan maskandir. Oilaviy masalalarga mahalla faol aralashib, yechim izlashi lozim. Chunki “mahalla yettiligi” har bir xonadonning ahvoli va har bir fuqaroning holatini yaxshi biladi.

Biz — xalq vakillari sifatida ushbu jarayonda faol ishtirok etishni, Prezidentimizning farmon va qarorlari ijrosi bo‘yicha deputat nazoratini kuchaytirishni, joylardagi muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

Zero, davlatimiz siyosatining asosiy mazmuni — xalq manfaatidir. Deputat uchun esa xalqqa xizmat qilish, uning ishonchini oqlashdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

G‘ofirjon Bobojonov,

Xalq deputatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Beruniy tuman Kengashi deputati 

O‘zA