Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla – xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik
14:47 / 2024-04-15

FOTOREPORTAJ

Mahalla – bu nafaqat milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi  hamjihatlik, birodarlik maskani, balki u bugun xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylanib ulgurgan mustahkam tuzilmadir.  Endilikda mahalla tizimi orqali  aholini ish bilan ta’minlash,  kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish kabi ijtimoiy-iqtisodiy  vazifalar bajarilmoqda. Mazkur jarayonga hududlardagi sektor, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari mas’ul etib belgilangan. Ular davlat tomonidan berilgan vakolat va mablag‘lardan foydalanib, mahalladagi vakillar bilan hamkorlikda aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratmoqda.  

Surxondaryo viloyatidagi 2-sektor rahbariyati tomonidan ham bu borada aniq-chora tadbirlar belgilab olingan. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyat prokurori tashabbusi bilan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Denov tumanida mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 25 nafar prokuratura xodimi, 114 nafar korxona va tashkilot rahbaridan iborat ishchi guruh tuzilib, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab olingan edi. O‘rganishlarga ko‘ra, tumandagi 98 ta mahallada 420 ming 200 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Hududda tomorqa va uy xo‘jaliklardagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish  maqsadida 11 ta  og‘ir mahalla tanlab olingan. Ulardagi 224 ta xonadon egalari tadbirkorlik qilish, bo‘sh turgan tomorqasidan samarali foydalanib, daromad olish istagini bildirgan. Mahalla drayveridan kelib chiqib, istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi. Mazkur loyihalar uchun tijorat banklaridan 6 milliard 100 million so‘m imtiyozli kredit resurslari ajratilishi ta’minlandi. Hozirda ishchi guruh a’zolari mazkur loyihalarni amaliyotga tadbiq etishga kirishgan.

Ana shunday xayrli ishlardan biri Qovunlisoy mahallasida olib borilmoqda. Shu kunlarda mahalladagi uzunligi 1000 metr bo‘lgan zovur 26 nafar ishsiz fuqaroga bo‘lib berilib, ta’minotchi tomonidan baliqchilik yo‘nalishida ishlar boshlangan.  

Tumanning Yangi hazorbog‘ mahallasida esa 4 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududga kirib kelishingiz bilan tomorqalardagi mevali va manzarali ko‘chatlar e’tiboringizni tortadi. Mahallaning drayver sohasi ko‘chatchilik va gulchilik. Viloyat prokuraturasi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari bu jihatni e’tiborga olib, barcha xonadonlarda ushbu serdaromad tarmoqlarni yo‘lga qo‘yishni maqsad qildi. Tomorqa egalarini ta’minlovchi ham begona emas, mahallaning gulchilik va ko‘chatchilikda tajribasi oshgan tadbirkor, bog‘bonlari.  

Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Sarvar O‘rinov xonadonida mahalliy va xorijdan keltirilgan mevali va manzarali ko‘chatlar yetishtiriladi. Sarvar aka ta’minotchi sifatida soha bilan shug‘ullanish istagini bildirgan mahalladoshlariga mahsulot yetkazib berish bilan birga, nihollarni parvarishlashni ham o‘rgatmoqda. Bu orqali yaqin kelajakda Yangi hazorbog‘ mahallasida 20 dan ortiq xonadonda gulchilik, ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yiladi.  

Mahallada yashovchi Farhod Murodovning asl kasbi o‘qituvchi. Yurtdoshimiz asalarichilikka bolalikdan qiziqadi.  Bu sohada omadini sinab ko‘rishni niyat qilgach, o‘z xonadoniga asalari uyalarini olib keldi.  

[gallery-16923]

Ayni kunlarda Farhod Murodovning asalarichilikdagi faoliyatini mahallada ommalashtirish ishlari olib borilmoqda. E’tiborli jihati, qahramonimiz asalari parvarishlash bilan birga, uni boqish uchun kerak bo‘ladigan barcha asbob-uskunalarni ham mahorat bilan yasay oladi.  

To‘g‘ri va foydali faoliyat bilan shug‘ullanish muvaffaqiyatli, xotirjam hayot  kechirishga asos bo‘ladi. Boisi, biz vaqtimizning aksariyat qismini kasbiy faoliyat bilan o‘tkazamiz. Shunday ekan, har bir kishi avvalo o‘zi yoqtirgan  kasb bilan shug‘ullanishi lozim. Sevimli kasb-korimiz bilan  daromad ham tatiydi, ham barakali bo‘ladi. Bandlikni ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi amaliy sa’y-harakatlar esa aholini daromad topishga undash barobarida, ularning kasbi orqali hayotdan minnatdor bo‘lib, farovon turmush kechirishiga asos bo‘ladi.  

Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA