Prezident tashrifidan so‘ng...
Aholining turmushi, mahallalar obodligi yo‘lida amalga oshiriladigan har bir ishda xalq bilan kengashiladi. Bu xalqimizga xos qadriyat. Unga e’tibor ortayotgani esa quvonarli.
Keyingi yillarda mahalla instituti tizimi bosqichma-bosqich rivojlantirildi. Bugun mahallaga yana qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar taqdim etilyapti. Vakolat ham, mas’uliyat ham quyi tizimga tushirilmoqda. Natijani Qarshi shahridagi katta mahallalardan biri – Oydin misolida ko‘rib chiqamiz.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida 24 oktyabr kuni ushbu mahallada ham bo‘ldi. Prezident mahallalardagi uchrashuvda, avvalo, aholi turmushi, hududdagi obodlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari bilan qiziqadi. Bu boradagi har bir jihatga alohida e’tibor qiladi.
[gallery-14199]
Bugun mahallada “yettilik” tizimi yaratilmoqdaki, ular hududning “yurak urishi” his qilib turadi. Shu jihatdan ham Prezident Oydinda eng avval mahallaning shu komandasi bilan suhbatlashdi.
Prezident tashrifidan so‘ng ular bilan suhbatlashdik, istiqboldagi rejalari bilan qiziqdik.
– Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimida ishladik, – deydi Oydin mahallasi raisi Nodira Hakimova. – Bu tizimda ham sezilarli natijalarga erishdik, lekin bugun safimizga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilgani katta ish bo‘ldi. Endi ehtiyojmand aholini ro‘yxatga kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi yetmishdan ortiq masala o‘zimizda hal bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi, Prezident qanday vakolat berdi mahallaga. Ko‘plab masalalar tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida hal qilinadi. Qulay va elektron ish yuritishga o‘tmoqdamiz. “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” kabi uchta platformamiz o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda birlashtirilmoqda. Mahalla raislarining vakolatlari kengaytirildi. Ko‘rilayotgan har bir chora-tadbir bizning hamjihat ishlashimizga xizmat qiladi. Prezidentimiz bilan uchrashganimizda ko‘nglimizdan o‘tgan mana shu fikrlarni bildirdik.
Darhaqiqat, endi “yettilik” ishini muvofiqlashtirish jarayonida mahalla raisining vakolatlari ortdi. Bu nimani anglatadi? Mahalla raisi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazo qo‘llash bo‘yicha taqdimnoma kiritish vakolatiga ega bo‘ldi. Bu tashabbusning amaliyotga tatbiq etilishi mahalla ishini yuritishda yakdillikni yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Oldin mahallada “beshlik”ning muvofiq ishlashida kamchiliklar, takrorlanishlar bor edi. Bundan tashqari, ijtimoiy maqsaddagi mablag‘larni ba’zan samarasiz yo‘naltirish holatlari kuzatilardi. Ehtiyojmand aholi qatlamining tegishli masalasini hal qilish tuman darajasidan ham yuqori idoralarga bog‘lanib qolgan holatlar bor edi.
– Mahallamizda 2 ming 646 ta xonadon bor, ularda o‘n bir mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi mahalla ijtimoiy xodimi Aziz Mamanov. – Oilalar soni 2 ming 782 ta. Hududda ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, bitta umumta’lim maktabi mavjud. Shu mahallaga biz soliqchi va ijtimoiy xodim sifatida qo‘shildik. Faoliyatimizning dastlabki kunidan hududni o‘rganishga kirishdik. Zimmamizga qanday vazifa yuklatilganini yaxshi his qilmoqdamiz. Bu borada davlatimiz rahbaridan ham tegishli topshiriqlar oldik. Hozir Oydindagi yolg‘iz keksa, nogironligi borlar va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish borasida aniq vazifalarim nima ekanini yaxshi bilaman.
Mahallaning yangi markazi – mahalla binosi, guzar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo do‘konlari, sartaroshxona, kutubxona va sog‘lomlashtirish xonalari aholi xizmatida.
Mahallada ishsizlar deyarli yo‘q. Ikki yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana qariyb shuncha aholi “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalari orqali o‘qitildi. Ularning 191 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ish boshladi.
Hududda kuzgi mavsumda olti ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi. Ko‘chalar asfaltlanib, yoritgichlar o‘rnatilgan. Piyodalar yo‘lakchasi tashkil etildi. Kuz-qishga tayyorgarlik oldidan ko‘p qavatli uylarda zarur choralar ko‘rildi.
Bir so‘z bilan aytganda bu manzil Qashqadaryodagi o‘nlab mahallalarga namuna bo‘ladi.
Ikrom AVVALBOEV,
Otabek MIRSOATOV(surat),
O‘zA