Jamiyatda xavfsizlikni ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvarda “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish hamda xavfsiz muhitni yaratishga doir aniq chora-tadbirlar belgilab berildi. Shu munosabat bilan respublika bo‘ylab, xususan, Toshkent viloyatida jinoyatchilik holati va uning oldini olish choralarini ko‘rish uchun o‘rganish ishlari olib borildi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan bir qator amaliy ishlar olib borildi. Universitetning professor-o‘qituvchilari va doktorantlari Toshkent viloyatining xavfli mahallalarida jinoyatchilik holatini o‘rgandi. Tadqiqot doirasida viloyatning “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalariga borildi. Jinoyatlarning asosiy sabablarini aniqlash maqsadida mahalliy aholi, huquq-tartibot idoralari xodimlari va mahalla yettiligi bilan muloqotlar o‘tkazildi. Olingan natijalar asosida jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Shuningdek, universitet tomonidan jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar ham o‘tkazildi. Internet va yozma shaklda o‘tkazilgan so‘rovnomalar orqali mahalla yettiligi hamda aholining jinoyatchilik haqidagi fikri o‘rganildi. Shu asosda, mahallalarda videokuzatuv tizimlarini joriy etish, qo‘riqlash xizmatlarini kuchaytirish, aholining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Olib borilgan o‘rganishlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda Toshkent viloyatining ayrim mahallalarida jinoyatchilik darajasi ortib bormoqda. 2024 yilda Toshkent viloyatida umumiy jinoyatlar soni 14 702 tani tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 16 foizga oshgan. Jinoyatchilik darajasi Zangiota, Parkent, Toshkent tumani, Olmaliq va Angren shaharlarida keskin ko‘tarilgan hamda Yangiyo‘l shahrida mast holatda va muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar 40 foizga, voyaga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar esa 48 foizga ko‘paygani aniqlangan.
Axborot texnologiyalarining rivojlanishi natijasida internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlar ham ortib bormoqda. Viloyatda jinoyatlarning 38,8 foizi aynan internet yordamida sodir etilganligi aniqlandi. Bu kabi jinoyatlarning ortib borishiga asosiy sabablar sifatida ijtimoiy-iqtisodiy holat, ishsizlik, huquqiy ong va madaniyatning pastligi, profilaktik choralarning yetarli darajada samarali tashkil etilmaganligi, mahallalarda xavfsizlik choralarining sustligi hamda sudlar tomonidan chiqarilgan xususiy ajrimlarga mahallaning e’tiborsizligi ko‘rsatildi.
Universitet tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida Toshkent viloyatida jinoyatning barvaqt oldini olish bo‘yicha hudud metodikasi ishlab chiqildi, unda hududlarda huquqbuzarlikka sabab bo‘layotgan asl omillarni aniqlash va barham berish uchun manzilli chora-tadbirlar taklif qilingan. Shuningdek, jinoyatchilikni kamaytirish va uning barvaqt oldini olish uchun texnologik va profilaktik choralarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu esa jamiyatda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklar sonini kamaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Xudoberdi Ergashev,
Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti.
O‘zA