Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla tizimi xodimlari imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilindi
17:24 / 2022-09-07

Ma’lumki, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab pedagogika va moliya-iqtisod sohalaridagi oliy ta’lim muassasalarida «5520100 — Ijtimoiy ish» bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun sirtqi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etilgan bo‘lib, bu ta’lim yo‘nalishiga Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanoma asosida talabalikka tavsiya etiladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari talabalikka tavsiya etiladi.

Qonunchilikka muvofiq, joriy yilda 627 nafar mahalla tizimi xodimlari imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2022 yil 4 iyuldagi 1-son bayonida 2022/2023 o‘quv yilida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun oliy ta’lim muassasalarining «60920100-Ijtimoiy ish (fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlari)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishining sirtqi ta’lim shakliga 645 ta o‘rin ajratildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, joriy yil may-iyun oylarida respublikadagi 9 ming 349 ta mahallada saylovlar o‘tkazilgan. Saylov yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 9 ming 349 ta mahalla raisligiga saylangan nomzodlardan 8 ming 832 nafari yoki 94,5 foizi oliy ma’lumotli, 517 nafari o‘rta-maxsus va o‘rta ma’lumotli mahalla raislaridir.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ajratilgan 645 ta o‘ringa bu yil yangi saylangan, oliy ma’lumotli bo‘lmagan 517 nafar o‘rta-maxsus va o‘rta ma’lumotli mahalla raislari va 110 nafar vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan o‘rta-maxsus ma’lumotli xodimlar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomasi asosida sirtqi ta’limga davlat grantiga qabul qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA