Andijon davlat universitetida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahalla tizimi xodimlari uchun o‘quv- seminar bo‘lib o‘tdi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilayotgan jinoyatlarni keskin kamaytirish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bugungi kundagi eng dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Andijon viloyati mahallalarida mazkur yo‘nalishda e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida tashkil etilgan o‘quv-seminarda mahallalarda faoliyat olib borayotgan “beshlik” tizimi xodimlari tahsil olib, o‘zlarining bilim, malaka va tajribalarini boyitdi.
Universitet professor-o‘qituvchilari, huquqshunoslar, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ishtirokchilarga yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik holatlarini kamaytirish, bu boradagi qonunchilikda belgilangan tartib va me’yorlar, yoshlarning huquqiy bilimlarini boyitish borasidagi ishlarni samarali tashkil etish yuzasidan zarur ma’lumot va bilimlar berildi, ilg‘or tajribalar bilan tanishtirildi.
[gallery-14529]
O‘quv- seminar yakuni bo‘yicha mahallaning beshlik tizimi xodimlaridan test sinovlari olinib, ularga tegishli sertifikatlar topshirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.