Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla tizimi rivoji uchun amalga oshirilayotgan strategik harakatlar samara bermoqda
16:46 / 2022-11-13

Mamlakatimizda tashkil etilgan “Mahallaning faol modeli” bugun diqqat markazimizdagi masala sanaladi. Chunki jamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan mahalla barcha rivojlanish sohalarining eng asosiy bo‘g‘ini bo‘lib qolmoqda.

Mahallaning ahil va inoq bo‘lishi undagi muammolarning oson va tez yechim topishiga asos bo‘ladi. O‘zbek xalqi azaldan “bir bolaga yetti mahalla javobgar” aqidasi bo‘yicha qo‘shnichilik haqlarini ado etib kelgan. Keyingi yillarda aynan shu mahallalarning rivojlanishiga qaratilgan qonunchilik hujjatlari shu an’ananing bevosita davomidir.

Mamlakatimizni 2017 – 2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan qator yaqin qonun, qarorlar qabul qilindi. 2022 yil 28 yanvarida esa 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.

So‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi. Jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadga muvofiqdir.

«Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan quyidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ishlab chiqildi.

Toshkent tumanida joylashgan “Iqbol” mahalla fuqarolar yig‘inida ham yuqoridagi qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlash maqsadida reja asosida barcha topshiriq va tadbirlar o‘z vaqtida mahalla ma’muriyati va shu mahallada yashovchi fuqarolar tomonidan o‘tkazilib kelinmoqda.

Yana bir yaxshi yangilik 2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshish; ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish; bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash tatbiq etiladi.

Mahalla idorasi qoshida aholi bandligini ta’minlash maqsadida sartaroshxona, tikuv sexi, sim to‘qish sexi ishga tushdi va o‘n nafardan ortiq qiz-juvonlar ish bilan ta’minlandi. Mahallaning «faol» modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida 2022 yilda: mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyatidan foydalanib mahalla raisi boshchiligida aholi muammolarini o‘rganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning holati vazirlik, idora va hokimliklarga xabar berib boriladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda mahalla faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini va yangilangan «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi farmoni 1-ilovasida Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish maqsadida tegishli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish rejasi taklif etildi. Mahallalar uchun yuqori malakali mutaxassislarni maqsadli tayyorlash, barcha mahalla raislari va hokim yordamchilarida boshqaruv asoslari, bandlikni ta’minlash, bank-moliya, tomorqa, yer, chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor qaratildi. «Mahalla — tuman — viloyat — respublika» tartibi asosida hududlar kesimida ijtimoiy-ma’naviy muhitni optimallashtirish xaritasini shakllantirish, bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish kabi vazifalar taqdim etilgan.

Fuqarolik jamiyatining noyob va betakror milliy instituti bo‘lmish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jumladan, mahallalar faqat bizning xalqimiz turmush tarziga, jamiyatimiz hayotigagina xos milliy demokratiya maktabidir.

Mamlakatimizda mahallalar, fuqarolar yig‘inlarining nafaqat obro‘-e’tibori, ayni chog‘da vakolatlari va mas’uliyatlari ko‘lami ham izchil ortib bormoqda. Bu bejiz emas. Zero, fuqarolik jamiyatini shakllantirish avvalo ijtimoiy — iqtisodiy jarayonlar bilan bog‘liq muayyan masalalarni hal qilishda davlat tuzilmalarining rolini kamaytirish va bu vazifalarni bosqichma-bosqich jamoat tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘tkaza borishni ko‘zda tutadi.

Z.Nuruzova, N.Yodgorova,

Toshkent tibbiyot akademiyasi

Mikrobiologiya, virusologiya, immunoloogiya kafedrasi xodimlari