Mahalla instituti – O‘zbekistondagi qadimiy va o‘ziga xos fuqarolik jamiyati institutlaridan biri bo‘lib, xalqni birlashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal qilish hamda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, mahalla – o‘zini o‘zi boshqarishning o‘zbek xalqi an’analari va qadriyatlariga xos usuli, uning tarixi qadim zamonlarga borib taqaladi.
“Mahalla” atamasining kelib chiqish tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, “turar joy”, “qo‘nalg‘a”, “shaharning bir qismi” degan ma’nolarni anglatadi.
U aynan Markaziy Osiyoda shakllangan madaniyat, ma’rifat, urf-odat, an’ana va axloqiy me’yorlar vositasi bo‘lgani bilan ham ahamiyatlidir.
Mustaqillikdan so‘ng mahalla institutining maqomi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va hozirgi kunga kelib, mahalla masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Zotan, ko‘p millatli jamiyatda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bag‘rikenglik, madaniyatlararo muloqot, turmush tarzi, tafakkur, mehr-oqibat, ma’naviyatni saqlab qolish hamda rivojlantirishda ham mahallaning o‘rni beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Keyingi yillarda mahallani jamiyat boshqaruvining xalq qadriyatlariga asoslangan tizimi sifatida rivojlantirish maqsadida ko‘plab qonunchilik hujjatlari qabul qilindi, ularga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilib, bu boradagi tashkiliy-huquqiy asoslar yanada takomillashtirildi. Bugungi kunga kelib, mahalla faoliyati asosan 2 ta qonun va 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solingan.
Ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyamizning 127- moddasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolar manfaatlari, milliy qadriyatlar, mahalliy urf-odat va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishi belgilangan.
Qolaversa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 74- maqsadida aholi farovonligini ta’minlash, hududlarda kundalik masalalarni hal etishda mahallani jamoatchilik va davlat organlari o‘rtasidagi “tayanch ko‘prik”ka aylantirish kabi vazifalar o‘z ifodasini topgan.
Sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida mahallalarning vakolatlari kengaytirilib, ularning moliyaviy mustaqilligi kuchaytirildi, mahalladagi ishlarning holati vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilandi. Shu bilan birga, barcha darajadagi rahbarlar mahalla orqali o‘z yo‘nalishi bo‘yicha muammolarni o‘rganish va ularga yechim topishi tartibi joriy etilgan bo‘lib, aholining mahalladan turib barcha davlat organlariga murojaat qilish va ularning rahbarlari bilan muloqot qilish tizimi yaratildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Sohani har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tamoyil va dasturlar tizimli amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “mahalla – sektor – Xalq qabulxonasi – mahalla”, “mahalla raisi – bosh islohotchi” tamoyillari, “mahallabay”, “xonadonbay” tizimi asosida ish olib borilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila, xotin-qizlar va yoshlarga zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Birgina 2024 yilning o‘zida Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 30 ming 167 nafar xotin-qizga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, mahalla va qishloq infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari asosida og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga manzilli ko‘maklar berilmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, joriy yilning may-iyul oylarida muhim ijtimoiy-demokratik jarayon – fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish belgilangan.
Joriy yilning 11 fevral kuni “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, MFY raislarining vakolat muddati 5 yilga uzaytirildi.
Avvalgi qonunchilikka binoan, fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddati 2,5 yil, keyinchalik esa 3 yil etib belgilangan edi. Bu o‘z navbatida, MFY raislariga o‘zining bilimi, tajriba va mahoratini yanada to‘liqroq namoyon qilish imkonini beradi.
Mahalla raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar qoshida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Komissiyalarning mahalla raislari sayloviga doir tayyorlagan 32 turdagi hujjatlar loyihasi hududlarga yetkazildi.
Saylov o‘tkaziladigan kun, vaqt, joy va ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar O‘zbekiston mahallalari uyushmasining mahallas.uz rasmiy veb-saytida muntazam joylashtirib borilmoqda.
Bundan tashqari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarining nomi mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari sifatida o‘zgartirildi.
Bugungi kunda 3,5 million nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Andijon viloyatining 2 ta shahar va 14 ta tumanida jami 909 ta MFY mavjud bo‘lib, ayni kunlarda ushbu mahallalarda fuqarolar yig‘ini raisi saylovlari tashkiliy jihatdan uyushqoqlik bilan o‘tmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunga qadar viloyatdagi 300 ga yaqin MFYda saylovlar o‘tkazilib, ularda 70 ming nafardan ziyod vakillar ishtirok etdi.
Endilikda raislikka munosib nomzodlarni tanlash borasida mas’uliyatli bo‘lish, yangi saylangan fuqarolar yig‘ini raislari orasida muddatidan oldin o‘z vakolatlarini topshirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va barcha fuqarolar ushbu jarayonga o‘zini daxldor, deb bilishi talab etiladi.
Xulosa qilib aytganda, mahalla – yangi O‘zbekiston taraqqiyotida muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlaridan biridir. Uning samarali faoliyati mamlakatda osoyishtalik va barqarorlik, hamjihatlik va jamoatchilik jipsligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
To‘lqinjon Karimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi yetakchi mutaxassisi.
Adhamjon Uzoqjanov,
Markazning Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.
O‘zA