Sharof Rashidov tumanida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov rahbarligida sodir etilgan jinoiy ishlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan 2025 yil davomida hududda yuz bergan jinoyat va huquqbuzarliklar chuqur tahlil qilinib, ularning oldini olish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda tumanning “Qatortol” mahalla fuqarolar yig‘inida kuzatilgan jinoiy holat yuzasidan mas’ul idoralar axboroti tinglandi. Mazkur holatning kelib chiqish sabablari, uni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Muhokamalar jarayonida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Ta’kidlanganidek, 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da mahalla institutining roli yanada oshirilib, jinoyatchilik profilaktikasida jamoatchilik nazorati va fuqarolar faolligini kuchaytirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Shuningdek, profilaktik tadbirlarda mahalla faollari, ta’lim muassasalari, nuroniylar va tegishli idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, har bir hududda “jinoyatga yo‘l yo‘q” tamoyilini hayotga tatbiq etish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida hududdagi kriminogen vaziyat yana bir bor tahlil qilinib, aholi tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish hamda profilaktika ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olindi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri