French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla tashabbuslarida yangi bosqich
12:41 / 2026-01-31

Jizzax shahrida “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tashkil etilgan o‘quv-seminar mahalliy boshqaruvda jamoatchilik ishtirokini yanada kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.

Tadbirda shahar hokimligi vakillari, mahalla faollari, jamoatchilik a’zolari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari ishtirok etib, dasturni amalga oshirishdagi mavjud muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar atroflicha tahlil qilindi. Asosiy e’tibor “Tashabbusli byudjet” orqali ilgari surilayotgan loyihalarning ijtimoiy samaradorligi va ularni moliyalashtirishda shaffoflikni ta’minlash masalalariga qaratildi.

Ma’lumki, ushbu mexanizm so‘nggi yillarda mahallalarda aholi ehtiyojlaridan kelib chiqqan loyihalarni amalga oshirishda samarali vositaga aylandi. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ba’zi hududlarda loyihalarni shakllantirish, ovoz berish jarayonlarida faollikning yetarli emasligi yoki texnik xato va tushunmovchiliklar uchrab turibdi. Seminarda aynan shu jihatlar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Xususan, 2026 yildan joriy etilishi rejalashtirilayotgan yangiliklar “Tashabbusli byudjet”ni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi. Jumladan, har bir mavsumda tanlovda g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan bittasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati tashabbusi bilan amalga oshirish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat sherikligi asosida moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishi, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanishga turtki berishi mumkin.

Seminar jarayonida ishtirokchilarga amaliy misollar orqali loyihalarni puxta ishlab chiqish, smeta hujjatlarini to‘g‘ri rasmiylashtirish va ovoz berish jarayonida faol ishtirok etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, aholining huquqiy va moliyaviy savodxonligi oshgan sari “Tashabbusli byudjet”ning ta’sir doirasi ham kengayib boradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bunday o‘quv-seminarlar nafaqat aholining faolligini oshiradi, balki mahalliy darajada qaror qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA