Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla tashabbusi bilan “Kelajak bog‘i” barpo etildi
10:42 / 2025-08-01

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Xalqobod mahallasining tashabbuskor yoshlari va faol aholisi ishtiroki bilan “Kelajak bog‘i” foydalanishga topshirildi. Yangi maskan yoshlar va keng jamoatchilik uchun madaniy hordiq, sog‘lom turmush tarzi hamda ma’naviy kamolotni rag‘batlantiradigan zamonaviy infratuzilmalar bilan ta’minlangan.

Bog‘ning ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi vakillari, nuroniylar va mahalla ahli ishtirok etishdi. Ular yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bardavom bo‘lishini, tinchlik va farovonlikni tilab, duo qilishdi. Tadbir so‘nggida mehmonlar bog‘da yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. 

Mazkur bog‘da kitobxonlik burchagi, zamonaviy o‘rindiqlar, yurish va yugurish yo‘lakchalari, dam olish hududlari, shuningdek, sport bilan shug‘ullanish uchun maydonlar tashkil etilgan. Ijodkor yoshlar uchun maxsus sahna ham barpo etilgan. Eng e’tiborlisi — bog‘ hech qanday byudjet mablag‘isiz, mahalla ahli va mahalliy tadbirkorlarning tashabbusi va hamkorligida barpo etildi. 

– Bunday bog‘ni ko‘rib, ko‘zimiz quvnaydi. Yoshlarimiz kitob o‘qish, sport bilan shug‘ullanish, sog‘lom hayot tarzini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. Endi ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlariga yetarli sharoit yaratildi, – deydi mahalla faoli Olim Ulug‘boyev. – Bu avvalo, Prezidentimizning “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyasining amaliy ifodasidir. Bunday o‘zgarishlar odamlarda kelajakka bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. 

“Kelajak bog‘i” yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy rivojlanishi, jismoniy faolligi va ijtimoiy hayotdagi ishtirokini rag‘batlantiradi. Qolaversa, bog‘ yaqinidagi ta’lim muassasalari, bog‘chalar va xonadonlar uchun qulay dam olish maskaniga aylandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri