Yangiyer shahrida “Mahallani chiqindidan holi hududga aylantiraylik” shiori ostida ekologik xayriya hashari o‘tkazildi. Tadbir Toshkent kimyo-texnologiya institutining Yangiyer filialida tahsil olayotgan talabalardan tashkil topgan “Ekovolontyorlar” guruhi tashabbusi bilan amalga oshirildi.
Ko‘ngillilar shaharning Yuksalish mahalla fuqarolar yig‘ini hududida chiqindilarni yig‘ish, hududni tozalash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdilar. Shu bilan birga, mahalla aholisi bilan ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan suhbatlar o‘tkazilib, atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashishning ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

– Bu kabi tadbirlar nafaqat hududning tozaligiga, balki yoshlarda tabiatga bo‘lgan mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi Yangiyer filiali 3-bosqich talabasi, “Ekovolontyorlar” yetakchisi Zayniddin Jalilov. – Biz har bir fuqaro o‘z mahallasi uchun mas’ul ekanini his etishini xohlaymiz.

Mahallada istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Nasiba Murodova esa bu tashabbusni katta mamnuniyat bilan qarshi oldi: – Yoshlarning bunday ezgu ishlarni amalga oshirayotganini ko‘rib, chin dildan quvonaman, – deydi u. – Ilgari bunday tadbirlarni asosan kattalar tashkil etardi, endi esa talabalarning o‘z tashabbusi bilan chiqindilarni yig‘ish, hududni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirayotgani — juda quvonarli holat. Bu avlodlar davomiyligi, vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘usining yoshlar qalbida mustahkam joy olganidan dalolat beradi.

Hasharda mahalla aholisi, fuqarolar yig‘ini faollari va Yoshlar ittifoqi bo‘limi vakillari ham ishtirok etishdi. Natijada hududdagi chiqindilar yig‘ishtirilib, yo‘laklar, yashil maydonlar va aholi dam olish joylari tozalandi.
Tadbir mahallada sanitariya holatini yaxshilash, atrof-muhitni asrash va aholida ekologik ongni oshirishga xizmat qildi. Ekovolontyorlar bu kabi amaliy tashabbuslarni shaharning boshqa hududlarida ham davom ettirishni rejalashtirishmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri