Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Do‘stlik mahallasida aholiga qulayliklar yaratish va kommunal xizmatlarning samaradorligini oshirish maqsadida mahalla servis kompaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi kompaniya aholiga 23 turdan ortiq xizmatlar ko‘rsatadi hamda mahalla hududidagi 2,5 km ariq, 3 km piyodalar yo‘lagi va 9 ta ko‘chaning tozaligini ta’minlaydi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov, tuman hokimligi va mahalla uyushmasi xodimlari, keng jamoatchilik hamda mahalla aholisi vakillari ishtirok etishdi.

– Sardobada yo‘lga qo‘yilgan mahalla servis kompaniyasi aholiga turli kommunal va texnik xizmatlarni oson va tez olish imkonini beradi. Qolaversa, bu mahalla aholisining turmush tarzini yaxshilash, atrof-muhitni tozalash va farovon muhit yaratishda muhim qadam hisoblanadi. Yangi xizmatlar mahallada hayot sifati va qulaylikni sezilarli darajada oshiradi, – deydi Uyg‘un Hotamov.

“Do‘stlik” mahalla servis kompaniyasi hududdagi bo‘sh yer maydonlarni chopish, tozalash va aholi tomorqasiga xizmat ko‘rsatish uchun motokultivator, motorol va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Qurilish va jihozlar uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Ochilish marosimidan so‘ng, Yashil makon umumiy loyihasi doirasida ko‘chat ekish va bog‘ yaratish ishlari ham amalga oshirildi. Unda mingdan ziyod manzarali va mevali ko‘chatlar ekilib, mahalla aholisi uchun yanada yashil va qulay muhit yaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri