O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan tuman va shaharlarda Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumani, “Yuksalish” MFY tajribasi asosida tashkil etilgan “Mahalla servis kompaniyalari”ga 72 million so‘mlik 11 turdagi texnika hamda jihozlar topshirildi.
Bugungi kunda yurtimizda mahallalar obodligini ta’minlash, ularni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mahallalar hududida yashovchi aholini mahalla obodligiga keng jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bunda davlatimiz rahbarining joriy yil 25 iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatida ham har bir tuman va shaharda bittadan “Mahalla servis kompaniyasi” faoliyati yo‘lga quyildi.

– Mazkur servis kompaniyalari mahalla hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini bajarib, ariqlar hamda sug‘orish tizimlarini tozalaydi, ko‘chalarning tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi, – deydi boshqarma boshlig‘i G‘ofir Aliyev. – Shuningdek, ular shartnoma asosida chiqindilarni yig‘ib saralaydi, ularning maxsus korxonalar tomonidan olib chiqib ketilishini tashkil etadi, ijtimoiy soha ob’ektlarida obodonlashtirish va kommunal ekspluatatsiya xizmatlarini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, servis kompaniyalari aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, yerga ishlov, daraxtlarga esa shakl berish, maishiy texnikalar va uy jihozlarini ta’mirlash, elektrik va santexnik xizmatlari kabi bir qator ijtimoiy ahamiyatdagi pulli xizmatlar ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanadi.

Qarorda belgilanganidek, servis kompaniyalari mahallani obod qilish bilan bog‘liq ishlarni bajarish, shuningdek, aholiga boshqa turdagi ijtimoiy ahamiyatdagi xizmatlarni ko‘rsatish doirasida foyda, mol-mulk va yer soliqlari hamda ijtimoiy soliq to‘lovlarini to‘lashdan, ishchi va xodimlari esa jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri