2026 yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilindi. Bu qaror zamirida oddiy, ammo chuqur ma’noli haqiqat mujassam: mahalla — islohotlar natijasi eng avvalo seziladigan, aholi hayoti bilan chambarchas bog‘liq ijtimoiy makondir. Shu bois bu yilda amalga oshirilayotgan har bir tashabbusning markazida inson manfaati, aholi farovonligi va kundalik hayotdagi qulaylik turadi.
Ana shu ustuvor maqsadlar Paxtakor tumanidagi Buyuk Ipak yo‘li mahallasi misolida ham o‘z ifodasini topmoqda. Mahalla hududida aholiga yanada qulay va xavfsiz sharoit yaratish maqsadida oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, eskirgan va yaroqsiz holatga kelgan quvurlarni yangilash ishlari izchil amalga oshirilmoqda.
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bosqichma-bosqich ta’mirlanib, zamonaviy talablar asosida qayta yangilanmoqda. Bu nafaqat sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, balki atrof-muhitni muhofaza qilish, aholining kundalik hayotida yuzaga kelayotgan noqulayliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda. Oddiy qilib aytganda, infratuzilmadagi har bir ijobiy o‘zgarish mahalla aholisining turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Jarayon davomida mutasaddi tashkilotlar tomonidan hudud holati muntazam o‘rganilib, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va tezkor hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning natijasida mahallaga nisbatan manzilli va mas’uliyatli yondashuv shakllanmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan bunday amaliy ishlar bir mahalla yoki bir hudud doirasida qolib ketmaydi. Ular butun jamiyat hayotini yuksaltirish, aholining davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, eng muhimi, inson uchun munosib yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Zero, mahalla obod bo‘lsa — jamiyat barqaror bo‘ladi. Inson rozi bo‘lsa — islohotlar o‘z samarasini beradi. 2026 yilda belgilangan ustuvor vazifalarning mazmuni ham aynan ushbu g‘oyalarda mujassamdir
Abdujalol Qayumov, O‘zA