Kundalik turmushda biror-bir yumush bilan notarius, arxiv, kadastr, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkiloti kabi turli idoralarga murojaat qilishimizga to‘g‘ri kelgan.
Yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ba’zan kun bo‘yi navbatda turganimiz ham sir emas. Bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan bunday ishlar uchun qancha vaqtimiz, asabimiz ketadi. Bugun esa bularning hammasidan aholi bir joyda, markazlashgan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bugun inson hayoti, manfaati bilan bog‘liq sohalarda mayda narsaning o‘zi yo‘q. Yurtimizda davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi ishni mutlaqo yangicha asosda joriy etilgani xalqimizga katta yengillik yaratish bilan birga, odamlarning davlatdan rozi bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Eng asosiysi yaxshi niyatlar bilan tashkil etilgan tizim qisqa muddatlarda xalqning ichiga kirib, odamlarning ishonchini qozona oldi.

Kuni kecha mamlakatimiz rahbarining Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida Toshkent viloyatida davlat xizmatlaridan foydalanish ko‘nikmalarini mahallalarda, shuningdek, yoshlar o‘rtasida shakllantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Davlat xizmatlari markazlarida, mahalla va maktablarda masofadan turib xizmatlardan foydalanish bo‘yicha seminar, mahorat darslari va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
O‘rta Chirchiq tumani Davlat xizmatlari markazida o‘tkazilgan seminarda tumandagi 20 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va umumta’lim maktablarining yoshlar yetakchilari ishtirok etdi. Tadbirda markaz xodimlari davlat xizmatlarini mahallasidan, uyidan chiqmagan holda foydalanish, onlayn xizmat olishga ko‘nikma shakllantirish borasida kerakli tushunchalar berdi.
– Tumanimizdagi 60 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hamda umumta’lim maktablari bilan hamkorlikda bunday amaliy seminarlarni muntazam o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi O‘rta Chirchiq tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Sevara Hoshimova. – Maqsad – nafaqat mahallalarda, balki umumta’lim maktablarida ham maxsus xizmat ko‘rsatish burchaklari tashkil etish orqali yoshlarni davlat xizmatlari to‘g‘risida hozirdanoq to‘liq tushuncha va ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlashdan iborat. Qolaversa, davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanish juda qulay va oson ekanligi mutaxassislarimiz tomonidan ishtirokchilarga tushuntirilmoqda. Sababi, markazga qancha odam ko‘p kelsa u yerda navbat, xarajat bo‘ladi, vaqt ketadi. Biz fuqarolarimizni markazlarga kamroq kelib, ko‘proq elektron xizmat olishi tarafdorimiz.
– Bugun olgan bilim va ko‘nikmalarimiz davlat xizmatlaridan elektron foydalanish zarur bo‘lib qolganda juda asqatadi, – deydi O‘rta Chirchiq tumani “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nortoji Rahimova. – Biz ham o‘z o‘rnida mahallalarda qabulimizga kelgan aholiga davlat xizmatlarini uyidan turib olishlariga ko‘mak beramiz. Odamlarimizning vaqti turli idoralar eshigida bekor o‘tmasligi kerak.

Mahalla oqsoqollari, faollar va yoshlar ishtirokida ekskursiya tarzidagi tashkil etilgan uchrashuvda markaz direktori taqdimot o‘tkazib, aholiga yaratilgan qulayliklar, davlat xizmatlaridan foydalanish borasida batafsil tushuncha berdi. Axborot kommunikatsiyalari rivojlanib borayotgan bugungi kunda nafaqat yoshlar, balki katta avlod vakillari uchun ham davlat xizmatlaridan foydalanishini yanada osonlashtirish, ortiqcha harakat va xarajatlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi.
Amaliy seminarda ishtirokchilar tomonidan ham sohaga oid fikr-mulohazalar bildirildi.