English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mahalla raisi – Prezidentning quyi bo‘g‘indagi ustuni”
15:59 / 2021-01-22

Bugun xalqimizni rozi qilish, joylardagi mavjud muammolarni hal etish borasidagi ishlarni “mahallabay” tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborildi.

Prezidentimiz Oliy Majlis palatalari va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ayni shu haqda to‘xtalib o‘tar ekan, islohotlar ijrosini “tepadan pastga” tamoyili asosida olib borish zarurligini ta’kidlab o‘tgandi. Ushbu ma’ruzada, ayniqsa, mahallalarning o‘rni va ahamiyatini oshirish, fuqarolar yig‘inlari raislari jarayonlarning markazida bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida aniq tavsiyalar berilgan.

Davlatimiz rahbari ishtirokida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 2 mingdan ziyod oilani o‘z ichiga olgan “Yangibog‘” mahalla fuqarolar yig‘inida tizim xodimlari va mahalla faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, aholi muammolarini aniqlash va ularga to‘la yechim topishda mahalla raisi va xodimlarining mas’uliyati va ishtiroki bugun har qachongidan ham muhim ekanligi, islohotlarning amaliy ifodasi, avvalo, mahallada namoyon bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Murojaatnomada ham ayni mavzuga doir aniq takliflar o‘rtaga tashlanar ekan, mahalla raislari o‘z hududidagi mavjud muammolarni eng muhim masala sifatida mahalliy hokimliklar oldiga qo‘ya olishi kerakligi, buning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, ularning ko‘rsatayotgan natijalarini odamlar o‘z hayotlarida sezishi lozimligi ta’kidlangan edi.

Eng muhimi, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijalari, sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar va bunga aholining munosabati, ularning kayfiyati, avvalo, mahallada aks etishi, mahallada sezilishi, mahalla – yorug‘ yuzimiz va vijdonimiz ko‘zgusiga aylanishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrlar bildirilgan.  

Yangibog‘ mahallasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda aytilgan fikrlar ham ayni haqiqatning mantiqiy davomi sifatida tizimda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar rivoji yo‘lida soha fidoyilariga yangi qanot, yangi kuch bag‘ishladi. Ayniqsa, yurtboshimizning “Mahalla raisi – Prezidentning quyi bo‘g‘indagi ustuni” deya mahalla xodimlari mehnatiga yuksak baho bergani, o‘ylaymanki, har bir mahalla raisiga, tizimda mehnat qilayotgan o‘n minglab xodimlarga o‘zgacha ruh, katta iftixor berdi, shu bilan birga bizning zimmamizga ulkan mas’uliyat yukladi.  

Albatta, olib borilayotgan islohotlarimiz natijasi, eng avvalo, mahalla va oilalarda ko‘rinsa, odamlar bu o‘zgarishlarni o‘z hayotida his etsa, u chinakam hayotiy islohot maqomiga erishadi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv davomida mazkur jihatlar xususida o‘z fikrlarini bildirar ekan, odamlarning turmush farovonligiga erishish, bu orqali jamiyatda o‘zgarish yasashning dastlabki qadami mahallalar iqtisodiyotini ko‘tarish ekanligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Buning uchun aholi, xususan, yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, “Har bir oila – tadbirkor” hamda boshqa shu kabi ijtimoiy dasturlar asosida ularga zarur sharoitlar yaratib berish bo‘yicha tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillariga ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur masalalarni tezkor va manzilli tashkil etish uchun barcha darajadagi rahbarlar, ayniqsa, iqtisodiy tizim vakillari pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha ishni mahallalarda tashkil etishi, muammolarni o‘rganib, ularga yechim topishi zarurligini ta’kidladi. Mahallalarning ichki yo‘llarini ta’mirlash, ko‘p qavatli uylarga sifatli xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv kompaniyalari, maishiy xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish masalalarini keltirib o‘tdi.  

E’tiborlisi, ushbu ish uslubini tizimli olib borish maqsadida har bir mahallada “Ish yuritish daftari”ni tashkil etish, shu asosda amalga oshirilgan ishlarni tahlil etib borish yuzasidan o‘z takliflarini ilgari surdi. Shuningdek, belgilangan vazifalarni sifatli va aniq tizim asosida olib borish uchun mahallalar ish faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik imkoniyatlarini yaxshilash, mahalla raislari vakolatini kengaytirish, tizim xodimlarini rag‘batlantirish lozimligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda soha rivoji yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik holati yaxshilanib borayapti. Bu borada birgina o‘tgan 2020 yilni oladigan bo‘lsak, 253 ta mahalla binosi yangidan qurildi, 166 tasining binosi rekonstruksiya qilindi, 998 tasi joriy ta’mirlandi. O‘zi mehnat qilayotgan binoga ega bo‘lmagan 986 ta mahallaning binolari fuqarolar yig‘inlari balansiga o‘tkazib berildi. Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 590 ta fuqarolar yig‘inlariga yangi binolar qurish uchun yer maydonlari ajratishga ko‘maklashildi. Ularning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash maqsadida 924 ta fuqarolar yig‘ini kompyuter, 751 tasi mebel jihozlari bilan ta’minlandi.

Davlatimiz rahbarining tizim faoliyatini yanada yaxshilash, soha xodimlarini samarali mehnat qilishi uchun o‘rtaga tashlagan taklif va ko‘rsatmalari, chin ma’noda, mahallalar faoliyatida yangi sahifa ochishi, shubhasiz.

 

Botir Parpiyev,

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash

vaziri o‘rinbosari