Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla raisi pora olsa, ayollar jinoyatga qoʻl ursa nima qilish kerak?
09:45 / 2020-02-23

Buxoro tumanida mahalla fuqarolar yigʻini raisi E. firibgarlik yoʻli bilan fuqaro B.ning 800 AQSH dollarini qoʻlga kiritganda ushlangan.


Buxoro tumanida mahalla fuqarolar yigʻini raisi E. firibgarlik yoʻli bilan fuqaro B.ning 800 AQSH dollarini qoʻlga kiritganda ushlangan.

Koson tumanida yashovchi 25 yoshli Z. oʻzining yangi tugʻilgan chaqalogʻini onasi bilan birga 5 million soʻmga sotayotganda ushlangan. Ularning nochorligi, ishsizligi bilan hech kimning ishi boʻlmagan. Tergov davomida Z. farzandi ogʻir sharoitda voyaga yetishini xohlamaganligi sababli uni sotishga qaror qilganini aytgan...

2019-yilda 32 mahalla raisi, 16 nafar posbon va kotiblar turli jinoyatlarga qoʻl urgani tizimga ayrim holatlarda nomunosib kadrlar kelib qolayotganini koʻrsatgan. Ayollar bilan ish olib borishda jiddiy nuqsonlarga yoʻl qoʻyilgani oqibatida ular tomonidan 11 holatda bosqinchilik, 38 holatda qotillik, 75 holatda ogʻir tan jarohati yetkazish, 484 holatda oʻgʻrilik va 202 holatda giyohvand moddalar muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlarga qoʻl urilgan.

Bu kabi holatlar Bosh prokuraturada jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashning kengaytirilgan yigʻilishida tilga olindi.

Bosh prokuror N.Yoʻldoshev huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda davlat boshqaruv idoralari va jamoat tashkilotlari hamkorligi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida oʻtgan yilda mamlakatdagi qariyb 67 foiz mahallada jinoyat sodir etilgani, 1 ming 797 tasida esa jinoyatlar soni oshganini qayd etdi.

Bu esa kriminogen vaziyati ogʻir va aholi soni koʻp mahallalarga huquqiy sohada yetarli bilim va tajribaga ega xodimlarni profilaktika inspektori lavozimiga tayinlash zarurligini koʻrsatmoqda.

Sodir etilgan jinoyatlarni mahallada muhokama qilish va sabablarini bartaraf etish mahalla raislaridan faollikni talab qiladi. Lekin, barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari bu jarayonga tayyor emas.

Maʼlumki, keyingi paytda “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz turizm” kabi huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha innovatsion gʻoyalarini oʻz ichiga olgan konsepsiyalar hayotga tatbiq etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoat tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik kuchaytirildi. Jinoyatchilikka qarshi kurash borasida mahalliy ijroiya hokimiyati organlari masʼuliyati oshirildi. Natijada 2019-yilda umumiy jinoyatlar qariyb 3 mingtaga yoki 6 foizga kamayib, yurtimizda kriminogen vaziyat barqarorligi saqlandi. Mavjud 9 ming 116 mahalladan 3 ming 74 tasi yoki har uchinchisida jinoyat qayd etilmadi.

Biroq, bunday amaliy ishlarning yoʻlga qoʻyilishi hali talab darajasida emas. Shuning uchun ham Prezident farmoni bilan Mahalla va oilani qoʻllab — quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Bu tizim oldiga huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida yangicha, samarali ish olib borish vazifasi qoʻyilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimlari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, Oliy sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek sohaga aloqador boshqa vazirlik va idoralar rahbar hamda masʼul xodimlari ishtirok etgan yigʻilishda tezkor-qidiruv va tergov faoliyatidagi kamchiliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayrim xodimlari tomonidan inson huquqlarini poymol etish holatlariga chek qoʻyilmaganligi qattiq tanqid qilindi.

Yigʻilishda qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli rahbarlar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi.