Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla raisi kafilligida sarmoya beriladi
18:11 / 2017-02-03

– Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida kredit berish tizimi soddalashtirildi, – deydi “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Alisher Murodov.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-dekabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida banklar bundan keyin o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishi shartligini ta’kidlab, bu borada aniq vazifalar qo‘ydi: "Ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak".

“Qishloq qurilish bank” ATB ham aholi xonadonlarida o‘tkazilayotgan muloqotlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berib, qisqa muddatda kredit mablag‘lari ajratish choralarini ko‘rmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat boshqarmalari hamda mavjud filiallarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish uchun alohida bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumotlar berildi.

Bank aholi farovonligini va bandligini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgan xususiy sektorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu maqsadlarda ajratilayotgan kreditlar aholini tadbirkorlikka jalb qilish, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznes subyektlarining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.

– Aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish maqsadida kredit berish tizimi soddalashtirildi, – deydi “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Alisher Murodov. – Shu kunlarda bankimizning 828 nafar xodimi aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishda ishtirok etmoqda. Ular 460 dan ziyod qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlarda bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatlari to‘g‘risida tushuntirishlar bermoqda. Chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, issiqxonalar qurish, maishiy xizmat kabi yigirmadan ziyod yo‘nalishlarda kreditlar taklif etilmoqda.

Monitoring natijalariga ko‘ra, qishloq hududlarida qoramol, shaharlarda qandolat ishlab chiqarish uchun minipechlar va tikuv mashinalari xarid qilishga bo‘lgan talab yuqori bo‘lmoqda. Sarmoya berishda ham qator qulayliklar yaratilgan. O‘z biznesini boshlayotgan shaxs bir ish o‘rni yaratsa kreditning yillik foizi to‘qqiz, besh va undan ko‘proq ish o‘rni yaratilganda olti foizni tashkil etadi. Agar sarmoya oluvchi hech joyda ishlamasa, unga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi kafilligi asosida mablag‘ beriladi. Xalq orasida olib borilgan bunday tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida 14 ming nafardan ziyod fuqaro tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan. 3 ming 457 fuqaroga qariyb 35,5 milliard so‘m kredit berildi. Natijada chorvachilik, parrandachilik, issiqxona faoliyati, hunarmandlik kabi sohalarda 3,5 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

2016-yil davomida iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kreditlar hajmini oshirish va bankning investitsion jarayonlardagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida qariyb 2 trillion so‘m sarmoya ajratildi. Kichik biznes subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 782,6 milliard so‘m, biznesni boshlash uchun 234,7 milliard so‘mlik mikrokreditlar berildi.

Matbuot anjumanida “Qishloq qurilish bank”da amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan istiqbolli loyihalar, kelgusidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.