Davlatimiz rahbarining joriy yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi davomida mahalla tizimida amalga oshirilgan islohotlarning odamlar hayotidagi ahamiyatini oshirish, mahallani aholiga yanada yaqinlashtirish, xususan, sohaga “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyilini tatbiq etish yuzasidan bir qator vazifalar berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash, mahalla tizimini qo‘llab-quvvatlashga doir belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish hamda “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Botir Parpiyev ishtirokida Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida qator videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Dastlab Namangan viloyati hokimligida o‘tgan yig‘ilish davomida tuman, shahar hokimlari, vazirlikning viloyat va tuman bo‘linmalari rahbarlari hamda boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mahallalarni yanada qo‘llab-quvvatlash va har tomonlama rivojlantirish, uni aholiga yaqin va maslakdosh tuzilmaga aylantirish bugungi kunning muhim talabiga aylanib bormoqda. Natijada mahallalarning jamiyatimizdagi obro‘-nufuzi yanada ortib, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ko‘prikka, odamlarning quvonchu tashvishlari, muammolariga yechim topadigan, dardini, taklifini aytadigan, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan noyob institutga aylandi.
Biroq hali sohada yechimini kutayotgan masalalar yo‘q emas. Xususan, odamlarni qiynayotgan tashvishlar, muammolarni hal etish borasida mahallalarning ishtirokini yanada mustahkamlash, soha xodimlariga aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish, tomorqachilikni rivojlantirish, mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, ajrimlar va jinoyatchilikning oldini olish kabi o‘zlarining birlamchi vazifalarini to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish, bu borada uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan hali qilinadigan ishlar talaygina.
Shu bois Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida mahalla institutini qo‘llab-quvvatlash borasida yangi ish tizimini yo‘lga qo‘yish, xususan, hududlarning avvalgi ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish dasturi bo‘lgan “tepadan – pastga” tizimidan farqli o‘laroq, tumanlardagi iqtisodiy kopleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib borishi, tizimdagi ishlarni “mahallabay” asosda tashkil etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar belgilandi.

Farg‘ona viloyati hokimligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham Prezidentimizning Xorazm viloyati faollari, nuroniylari hamda yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida ishlar tashkillashtirilishi va ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni yaratib bergani katta maqsadlar sari imkoniyat ochganligi alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida viloyatning tuman va shaharlarida Ishchi guruhlar shakllantirilib, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha qilinishi lozim ishlar aniqlab olindi.
Jumladan, Ishchi guruhlar tomonidan har bir mahallaning muammolarini 3 toifaga tasniflagan holda “drayver” va boshqa “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, mahallani iqtisodiy rivojlantirishdagi kamchilik va to‘siqlarni bartaraf qilish, mahalladagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining uzluksiz faoliyat yuritishi hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalardagi ishsizlar bandligini ta’minlash kabi muhim vazifalar amalga oshirilishi belgilandi.
Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishlar asosida hududga biriktirilgan mas’ullar amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha mahalla raisiga kunlik hisobot berish tizimini yo‘lga qo‘yish, mahalla raislari o‘z hududidagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida sektor rahbarlari va tuman shtabiga ma’lumot taqdim etishi ko‘zda tutildi.
Mahallani eng quyi pog‘onadagi xalqparvar tuzilmaga aylantirish, barcha mahallalar, jumladan, olis hududlardagi qishloq va mahallalarni bir xil ko‘rish kerakligi borasidagi fikrlar Andijon viloyati hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham alohida qayd etib o‘tildi.
Yig‘ilishda vazir o‘rinbosari B.Parpiyev ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yaratilgan yangi tizimning dolzarbligi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bo‘yicha qilinayotgan ishlar, jinoyatchilikni oldini olish, aholi shaxsiy tomorqalaridan samarali foydalanish, bandlikni ta’minlash, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning o‘rinbosarlari oldida turgan vazifalar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Tadbirda aytilganidek, viloyat miqyosida 58 683 ta oila “Temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, ularning 40 402 tasi kambag‘allikdan chiqarilgan.
Shuningdek, shahar, tumanlar hokimlari, sektor rahbarlari va korxona, tashkilotlar, fuqarolar yig‘inlari raislarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, aholi bandligini ta’minlash, ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama etilib, mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish davomida sohaga doir yana bir qator masalalar yuzasidan ham o‘zaro fikr almashildi.