Nurafshon shahrida Toshkent viloyatida fuqarolar yig‘inlari raisi saylovi o‘tkazilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda mazkur saylov jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiya a’zolari, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i F.Xudoyberdiyev tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda 1 ming 25 ta mahallada 6 ming 221 nafar “yettilik” a’zolari faoliyat olib bormoqda. Bu yil mamlakatimiz tarixida ilk bor saylovlar yangicha demokratik tamoyillar asosida, ochiqlik va oshkoralikda, fuqarolarimizning xohish va irodasini erkin ifoda etish prinsiplariga xos tarzda o‘tkaziladi.
Amaldagi qonunchilikka asosan muhim o‘zgarishlardan yana biri mahalla raisi saylovini o‘tkazish muddatlarini belgilash normasi endilikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashlari vakolatiga o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu o‘zgartirish joylardagi mahallalarning mahalliy vakillik organlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishiga yordam beradi.
[gallery-23028]
Hozirda, may-iyul oylarida o‘tkaziladigan mahalla raislari sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning uchun hududlarda mahalla raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar qoshida Shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bo‘yicha zarur hujjatlar loyihasi tayyorlanib, hududlarga yetkazildi.
Saylovni yuqori saviyada tashkil etish uchun bitta mahallaga o‘rtacha xarajatlar smetasi ishlab chiqilib, hokimliklar tomonidan tasdiqlandi. Uning doirasida har bir mahalladagi ishchi guruhlarning ish samaradorligini oshirish uchun o‘n turdagi kanselyariya mahsuloti, saylovga oid targ‘ibot plakatlari, saylovga chorlovchi bannerlar hamda nomzodlar va saylovga oid ma’lumotlar stendi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
– Mahalla raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha barcha MFYlar vakillar yig‘ilishlari qarori bilan ishchi ishchi guruhlari (Toshkent viloyatida 9 ming 61 nafar a’zolari) tasdiqlandi. Adliya vazirligi bilan birgalikda joriy yilning fevral-mart oylarida ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlari a’zolari o‘qitildi. Shuningdek, ular faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha “Mahalla raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha” uslubiy tavsiya, “Mahalla sayloviga oid 100 savolga 100 javob” va “Mahalla raisi sayloviga oid normativ-hujjatlar to‘plami” uslubiy qo‘llanmalar, saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Ishchi guruhlari uchun eslatma” ishlab chiqilib, hududlarga yetkazildi. Shu bilan birga, tuman-shahar ko‘maklashuvchi komissiyalarning qarori bilan saylovda 246 ming 433 nafar vakillar ishtirok etishi belgilangan. Xususan, joriy yil 1 aprel kuni viloyatdagi har bir tuman-shahardan bittadan jami 22 ta mahallada saylov o‘tkaziladi, – deydi O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Furqat Xudoyberdiyev.
A.Musayev, O‘zA