Mahalla azaldan milliy qadriyat va ezgu amallar qadr topgan ta’lim-tarbiya o‘chog‘i, ma’naviy hayotimiz beshigi sanaladi. Mamlakatimizni yanada rivojlantirish, yurt obodligini ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi, munosib hayot kechirishini ta’minlash kabi muhim vazifalarni amalga oshirishda mahalla institutining o‘rni va ahamiyati ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari joriy yil 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga tashrifi davomida mazkur sohada olib borilayotgan izchil islohotlar haqida so‘z yuritar ekan, mahalla bugun xalqimizning chinakam suyanchig‘i va maslakdoshiga aylanishi zarur ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu ma’noda bugun mahallalarimizda butunlay yang ish tizimini joriy etish, “mahalla raisi – islohotchi” tamoyili asosida tizim xodimlari huquqlari va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashabbusi bilan yangi qurib bitkazilgan kutubxona binosi va maishiy xizmat ko‘rsatish markazi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, tuman hokimi Shavkatbek Ergashev, keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida ochilgan mo‘’jaz kutubxona u yerda yashovchi o‘quvchi-yoshlar, yoshi ulug‘ insonlar, butun mahalla ahlini xushnud etdi.
[gallery-557]
– Xalqimiz talpinadigan qutlug‘ maskan – yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yosh avlodni mutolaaga oshno etishga xizmat qiladigan kutubxona juda boy ma’naviy merosni o‘zida jamladi, – dedi san’atshunoslik fanlari doktori, professor, mahalla faoli To‘xtasin G‘ofurbekov. – Shogirdim Alisher Navoiy asarlaridagi so‘zlarning lug‘atini tuzishda ishtirok etgan va mana shu kitob bugun mahallamizda bor. Bundan juda ko‘pchilik foydalanishi mumkin. Bu bizni quvontiradi.
Mamlakatimizning bir qator mahalla markazlarida zamonaviy kutubxonalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar hududda ma’naviy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini hayotga to‘la tatbiq etishga xizmat qiladi.
– Biz uchun dunyoda eng yaqin do‘st va hamfikr hisoblanadigan kitobning hayotimizda tutgan o‘rni haqida har birimizning o‘z fikrimiz, xulosalarimiz bor, – dedi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov. – Kitobning inson ma’naviyatini yuksaltirish, dunyoqarashini boyitishdagi o‘rni borasida esa soatlab fikrlashish, bahslashish mumkin. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri bo‘lgan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida bugun mamlakatimizning chekka hududlarida ham zamonaviy va ko‘rkam kutubxonalar, madaniy markazlar qad rostlayapti. Yaqinda Chinoz tumanining qo‘shni davlat bilan chegaradosh bo‘lgan, 7 ta millat vakillari istiqomat qiladigan Eshonobod mahallasida ham ana shunday ziyo maskanlari foydalanishga topshirilgan edi.
Mazkur kutubxonadan besh mingdan ortiq kitob – jahon, mumtoz va bolalar adabiyoti, ilmiy qo‘llanmalar joy olgan. Shuningdek, yangi, zamonaviy kutubxonada kompyuterlar jamlanmasi ham shu hudud aholisi, yoshlari uchun xizmat qiladi.
Maishiy xizmat ko‘rsatish markazi ham hudud yoshlari bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Barno Meliqulova, O‘zA