Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla obodligi – islohotlar samarasining asosiy mezoni
17:42 / 2026-01-24

Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida yurt obodligi mahalladan boshlanishi, fuqarolar amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini, avvalo, o‘z uyi, ko‘chasi va mahallasida his etishi lozimligi alohida ta’kidlangan edi.

 Bu g‘oya Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 33 ta tuman va 330 ta og‘ir sharoitli mahallani namunali hududga aylantirish uchun jami 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar mahallalar infratuzilmasini, aholining yashash sharoitini yaxshilash hamda hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.

Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi deputatlari Narimon Umarov, Nodir Tilavoldiyev hamda Yekaterina Smesova Chirchiq shahri va Bo‘ka tumanida bo‘lib, joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganishlar davomida hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturlari ijrosi, mahalla markazlari uchun ishlab chiqilgan master-rejalarning sifati, shuningdek, yo‘l, ichimlik suvi, elektr ta’minoti va ijtimoiy soha ob’ektlarida olib borilayotgan qurilish ishlari holati atroflicha o‘rganildi.

– Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarning asosiy mohiyati islohotlarni odamlar hayotida sezilarli qilishdir. Buning uchun har bir ajratilgan mablag‘ mahallada aniq natija berishi shart. Bugun viloyatning Chirchiq shahri, Bo‘ka tumani hamda Yangiyo‘l shahrida amalga oshirilayotgan ishlar shu maqsadga xizmat qilayotganini ko‘rdik. Muhimi, bu jarayonda mahalliy aholi faol ishtirok etib, o‘z takliflari bilan chiqmoqda, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov.

Shuningdek, deputat mahallalarni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholining ijtimoiy faolligini oshirish ustuvor vazifa ekanini qayd etdi.

Mahallalarda amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar fuqarolarning turmush darajasini oshirish, hududlarni barqaror rivojlantirish va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etmoqda.

A.Musayev, O‘zA.