Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla obodligi — hamjihatlik samarasi
18:16 / 2025-08-23

Mustaqilligimiz bayrami arafasida yurtimizda milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat va hamjihatlik yana bir bor amaldagi ifodasini topdi. “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharlari butun mamlakat bo‘ylab yuksak uyushqoqlik va birdamlik ruhida kechmoqda.

Sirdaryo viloyatida ham yuz minglab fuqarolar bir tanu bir jon bo‘lib, mahallalarni obod, xonadonlarni fayzli, ko‘chalarni toza etishga o‘z hissasini qo‘shdi.

Hashar davomida viloyatdagi 221 ta mahallada 160 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Ular orasida 80 mingga yaqin yoshlar, 61 mingdan ziyod xotin-qizlar faolligi alohida e’tiborga loyiqdir.

Obodonchilik ishlari keng qamrovli bo‘ldi. Jami 1 468 gektar maydon obodonlashtirildi, qariyb 2 700 tonna maishiy chiqindilar chiqarildi, 1 303 kilometr ariq va lotoklar tozalandi. 117 mingdan ziyod daraxtlarga shakl berilib, oqlandi.

–   Mahalla va hududlardagi ziyoratgohlar, qabristonlar ham e’tibordan chetda qolmadi, –   deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov. –   Jami 118 ta qabriston va 2 ta ziyoratgoh tartibga keltirildi. Shu bilan birga, 5 mingdan ortiq ko‘chalar va yuzlab bolalar maydonchalari ham obodonlashtirildi.

Hashar chog‘ida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida ko‘mak ko‘rsatildi. Minglab xonadonlar tomorqalari chopildi, uy-joylari ta’mirlandi, yuzlab oilalarga moddiy yordam ajratildi.

–   Biz yoshligimizdan bu kabi umumxalq hasharlarida qatnashib kelganmiz, –   deydi Guliston shahridagi “Bo‘ston” mahallasi fuqarosi, mehnat faxriysi Nurilla Egamov. –   Bu an’ana xalqimizning qoniga singib ketgan. Bugun yoshlar, xotin-qizlar,  hatto nuroniylarning ham shijoat bilan ishtirok etganini ko‘rib, yuragim quvondi. Hasharlarda hamjihatlik, mehr-oqibat, yurtga sadoqat namoyon bo‘ldi. Shuning uchun ham mahallalarimiz tobora obod, hayotimiz fayzli bo‘lib bormoqda.

Umumxalq xayriya hasharlari nafaqat hududlarning ko‘rkam qiyofasini yangilamoqda, balki yurtdoshlarimiz qalbida ham birdamlik va yurtparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri