Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan tarixiy Murojaatnomasini tinglab, qalbimda cheksiz faxr va kelajakka ishonch tuyg‘usini his qildim. Ayniqsa, Prezidentimizning 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish haqidagi taklifi ayni muddao bo‘ldi.
Oddiy fuqaro sifatida aytish mumkinki, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, insonning kundalik hayotida – uning uyi, ko‘chasi va mahallasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi”. Shu ma’noda, mahalladagi osoyishtalik va hamjihatlik yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning hayotbaxsh natijalarini belgilab beruvchi muhim omil hisoblanadi.
Murojaatnomada aynan mahallani islohotlar markaziga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan taklif va tashabbuslar butun xalqimizni ruhlantirib yubordi.

Birinchidan, endilikda mahalla o‘zining muammosini o‘zi hal qilishi uchun real moliyaviy imkoniyatga ega bo‘lmoqda. Tuman byudjeti daromadlarini kamida ikki karra ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Eng quvonarlisi, 2026 yildan boshlab QQS tushumining ma’lum qismi hududning o‘zida qoladigan bo‘ldi va bu mablag‘ning yarmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman byudjetiga o‘tkaziladi. Bu degani – endi ko‘chamizni asfalt qilish, yangi elektr, ichimlik suvi tarmog‘i tortish yoki bog‘chani ta’mirlash uchun yuqoridan pul kelishi kutib o‘tirilmaydi. Pul o‘zimizda, tumanimizda bo‘ladi.
Ikkinchidan, “Mahalla infratuzilmasini rivojlantirish” uchun ilk bor 20 trillion so‘m mablag‘ bevosita viloyatlarning ixtiyoriga berilishi – bu tarixiy voqea. Ilgari bitta transformatorni almashtirish uchun oylab xat yozilardi. Endi esa muammolarni tezkor hal qilish imkoni yaratildi. Prezidentimiz aytganlaridek, yurt obodligi avvalo, mahalladan boshlanadi.
Uchinchidan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ishlari mahallabay tizim asosida amalga oshirilmoqda. “Mahallada sanoat va xizmat” loyihasi doirasida ajratilayotgan kreditlar hisobidan 100 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa minglab oilalarning daromadi va farovonligi oshishiga xizmat qiladi. Zero, ishsiz qo‘shni yoki mahalladoshning ishli bo‘lishi nafaqat uning, balki butun mahallaning xotirjamligi va barqarorligi demakdir.
To‘rtinchidan, Yurtimiz yashilligini va ekologik muammolarni bartaraf etish, xususan, “yashil hudud” va bog‘lar yaratish uchun qo‘shimcha mablag‘ (330 million so‘mdan) ajratilishi mahallamiz havosining tozaligi va bolalarimiz uchun sayilgohlar ko‘payishiga xizmat qiladi. Mahalla infratuzilmasini, mahalladagi muammolarni hal etishga qaratilgan bu ishlar, shubhasiz, xalqimiz turmush farovonligini yanada yuqori bosqichga ko‘taradi.
Murojaatnomada Prezidentimizning “Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va mas’uliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”, degan so‘zlarini ishonamanki, aksariyat yurtdoshlarimiz o‘zlariga shior qilib oladi.
Farhodbek Otaxonov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti.
O‘zA