Poytaxtimizda “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” hamda “Mening mahallam” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi katta tantana va bayramga aylanib ketdi.
Ayni paytda ushbu tadbir yurtimiz mahallalaridagi ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishda alohida ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Javdatxon Inog‘omov mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida mahallalar ham faol qatnashayotganini ta’kidladi.
Jamiyatda ozodalik, saranjom-sarishtalik va obodonlashtirish madaniyatini yuksaltirish — barqaror taraqqiyot, sog‘lom turmush tarzi hamda ma’naviy muhitni mustahkamlashning muhim omillaridan biridir. Qayerda tozalik va tartib-intizom ustuvor bo‘lsa, o‘sha joyda fayzu baraka, ijtimoiy faollik va taraqqiyot ta’minlanadi.
Keyingi yillarda ayrim hududlarda chiqindilar bilan bog‘liq muammolarning kuzatilishi nafaqat shahar va qishloqlar qiyofasiga, balki jamoatchilik ongi, ma’naviy tarbiya hamda mamlakat imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayniqsa, aholi gavjum va turistik hududlarda bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mazkur masalalarga jamoatchilik e’tiborini kuchaytirish, mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, aholi o‘rtasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, tozalik va ozodalik g‘oyalarini keng targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi hamda tanlov respublikaning barcha hududlarida muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Ko‘rik-tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonlari ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Tanlov 2025 yil noyabr-dekabr oylari davomida to‘rtta — mahalla, tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlarida yuqori saviyada tashkil etildi. Mahalla bosqichi 10–15 noyabr, tuman va shahar bosqichi 16–25 noyabr, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlari 26–30 noyabr kunlari, respublika bosqichi esa dekabr oyida bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlov jarayonlariga jami 85 ming 332 nafar tashkiliy qo‘mita a’zolari, hakamlar hay’ati va mahalla komissiyalari jalb etildi. Tanlovda 8 ming 992 ta mahalla, 159 mingga yaqin ko‘cha va 5 million 792 mingta xonadon ishtirok etdi. Shuningdek, 2 million nafardan ortiq fuqaro bevosita qatnashib, tanlovning ommaviyligi va oshkoraligi ta’minlandi.
Mahallalarning ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali 14 million nafardan ortiq fuqaro tanlov jarayonlarini kuzatib bordi.
“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” hamda “Mening mahallam” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi O‘zbekiston Milliy akademik drama teatrida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” nominatsiyalari bo‘yicha 1-o‘rin sohiblariga Prezident sovg‘asi —avtomobil, 2-o‘ringa 50 million so‘m, 3-o‘ringa 30 million so‘m pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, barcha bosqich g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Ko‘rik-tanlov natijasida respublika miqyosida 100 ta “Obod xonadon”, 100 ta “Obod ko‘cha” va 100 ta “Obod mahalla” liderlari aniqlanib, ularning ilg‘or tajribasi, tashabbus va loyihalarini keng joriy etish hamda qo‘llab-quvvatlash belgilandi.
Aytish kerakki, “Mahalla yettiligi” hamkorligida bugungi kunga qadar “Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” mezonlari asosida mahalla tizimida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 3 million 498 mingta xonadon o‘z imkoniyati bilan, 248 ming 317 ta himoyaga muhtoj oilalarning xonadonlari homiylik hisobidan va 119 ming 901 ta ko‘p qavatli uy-joylar ta’mirlangan. 458 ming 840 sotix ko‘p qavatli uylar atrofi, 111 ming 389 ta kirish yo‘laklari va 12 ming 689 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi.
140 ming 319 ta ko‘chalar obodonlashtirilib, 96,5 ming km ariq va lotok tozalangan.
“Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” ko‘rik-tanlovi jamiyatda obodonlashtirish madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarni o‘z xonadoni, ko‘chasi va mahallasiga daxldorlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilgan muhim ijtimoiy tashabbus sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etdi.
[gallery-26834]
- Mahallamiz sahrodan mo‘’jizaviy maskanga aylandi,– dedi “Obod ko‘cha” respublika ko‘rik-tanlovi 1-o‘rin sohibasi, Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi “Imom Buxoriy” mahalla fuqarolar yig‘ini vakili Hamrobegim Sharopova. – Ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish, obod va fayzli holatga keltirish yuzasidan katta hajmdagi ishlar olib borildi. Biz ushbu tanlovda g‘oliblikka faqat mehnat bilan erishdik.
– Mahallamizda obodonlashtirish ishlariga katta e’tibor qaratildi, – dedi Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi “Azimobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdug‘affor Miraminov. – Mahallamizda ahillik va hamjihatlikda maktab, bog‘cha qurildi. Ko‘chalar asfaltlandi. Dalalarni sug‘orish uchun ariq-zovurlarni betonlashtirishga katta e’tibor qaratildi.
Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar tomonidan Vatanimiz, istiqlolimiz, mamlakatimizdagi tinch va osoyishta hayotni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA