Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahalla – ma’naviyat oshyoni, qadriyatlar beshigidir
16:11 / 2024-06-21

Namanganda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, viloyat hokimligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish” mavzusida ikki kunlik amaliy seminar o‘tkazildi.

Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da boshlangan mazkur respublika anjumanida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, hududlarda ma’naviyat-ma’rifat sohasida faoliyat yurituvchi mutasaddilar, viloyat faollari, mahalla fuqarorlar yig‘inlarining raislari, imom-xatiblar, Uychi tumanidan targ‘ibotchilikka tavsiya etilgan nomzodlar ishtirok etdi.  

Seminar avvalida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzaqov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, oilalarni mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, avvalo, joylardagi ziyoli insonlarning faolligiga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Hurmatga sazovor zahmatkash hamyurtlarimizning boy hayotiy tajribasidan oqilona foydalanish, ziyolilarning jamiyatdagi islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki bugun suv va havodek zarurdir.

Qayd etilganidek, respublika anjumani qadriyatlar beshigi, tarbiya oshyoni bo‘lgan mahalla hamda ma’naviyat va ma’rifat vakillarining birgalikdagi harakatiga aylandi. Quvonarlisi, endi bu birlikka Haj ziyoratini ado etgan minglab hojilarimizning ham qo‘shilayotganidir. Anjumanda mahalla , ma’naviyat va ma’rifat vakillari birgalikda qanday ishlashi, hojilar bilan birgalikda targ‘ibot tadbirlarini olib borishning mexanizmlari, usullari haqida fikr almashildi. Bu borada Namangan viloyatidagi 743 maktabdagi 1080 nafar direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, 788 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, 190 nafar imom-xatib oldida turgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Darhaqiqat, ma’naviyat, avvalo, oiladan, ma’rifat esa mahalladan boshlanadi. Agar biz tarbiya, qadriyatlar qadrini oshirish, an’analarni saqlashni maqsad qilsak, albatta, mahalla targ‘ibot joyimizga, xonadonlar – asosiy ishimiz, har bir farzand kelajagi – maqsadimizga aylanishi shart.

Prezidentimiz raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bu borada bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.  

Xususan, uning ijrosidan kelib chiqib, Uychi tumani namunasi misolida “Ma’naviyat sektori” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, alohida dastur ishlab chiqildi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati ekspertlari tomonidan maxsus uslubiy qo‘llanma tayyorlandi.  

Shu yilning 1-2 may kunlari Uychida “Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish, bu borada “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosining roli” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Buning samarasida qisqa vaqt mobaynida tumandagi mahallalarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirokida “Ajdodlar merosi”, “Oila muqaddas dargoh”, “Kitob ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman”, “Noqonuniy migratsiya va odam savdosining muammolari”, “Xotira bor ekan, tirikdir millat” kabi mavzularda yuzdan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

Anjuman doirasida Uychi tumanida faoliyat olib borayotgan ana shu 56 nafar ziyoliga “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati guvohnomasi hamda ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Prezidentimizning shu yil mart oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etish masalasiga alohida urg‘u berilgandi. Shundan kelib chiqib, “Mahalla yettiligi”ga qo‘shimcha ravishda har bir mahallada jamoatchilik asosida “Ma’rifat” targ‘ibotchilari faoliyatini joriy etish va bu borada Namangan tajribasini yaratish ishlari boshlab yuborildi.

Anjuman qatnashchilari e’tiborini mahalla markazining yonginasida barpo qilingan “Qumtepa” yoshlar tadbirkorlik va kichik sanoat zonasi imkoniyatlari o‘ziga qaratdi. Shu joyda “Ustoz-shogird” an’anasi asosida 200dan ziyod o‘g‘il-qiz milliy qadriyatlarimizni e’zozlab kelmoqda. Tadbirda ularning bir guruhiga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tumandagi 18-son umumta’lim maktabida “Maktab – ota-ona–mahalla– ma’naviyat hamkorligi hayotiy zaruratdir” mavzusida, 48-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Tarbiyada o‘zbek milliy o‘yin va ertaklarining ta’siri” mavzusida mahalla ma’rifat targ‘ibotchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar mehmonlar e’tiborini tortdi.

[gallery-17937]

– Ta’limda, tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi. Shu ma’noda, yosh avlod bilan ishlashda ma’naviy-ma’rifiy sohada o‘zaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Buning amaliy tasdig‘i va natijasini Namangan viloyatining Uychi tumani tajribasi misolida ko‘rdik, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari Narimon Shinnazarov. –Mmaktab va bog‘chada “Ma’naviyat sektori” tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Bobo va buvilar!, “Kitobxonlik”, “Tabiatni asrash”, “Musiqa va san’at”, “Jadidlar hayotini o‘rganish”, “Ilm-ma’rifat” kabi maktablar faoliyati tahsinga sazovor. Nasib qilsa, bu tajribani Nukus va boshqa hududlarimizda joriy etamiz.

Bo‘ston mahallasida jadidchi shoir Mulla Yo‘ldosh To‘raboy o‘g‘li Xilvatiy yashab o‘tgan xonadondagi ma’rifiy tadbir uychilik ijodkor Adhamjon Ahmadjonovning “Bedor ruh” nomli yangi kitobining taqdimotiga hamda mahallada istiqomat qilib o‘tgan qatag‘on qurboni Salohiddin Soliyevning nabirasi yashayotgan xonadonda “Qatag‘on qurbonlari – Vatan fidoyilari” shiori ostidagi xotira va qadrlash tadbiriga ulanib ketdi.

Seminar Gulzor mahallasining Yangiobod-3 ko‘chasida “Qadriyatlar - ma’naviy kamolot maktabi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan yakunlandi. Nomiga munosib obod va ko‘rkam qiyofaga kirgan mahallaning mazkur ko‘chasida o‘zbek xalqining ming yillik tarixi, go‘zal va ma’naviy ildizlari boy bo‘lgan qadriyatlarining boqiyligini ta’minlash, ularni yoshlar qalbiga singdirish va kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan "Kim oladi-yo shuginani-yo”, "Oq terakmi, ko‘k terak” kabi bir qator milliy o‘yinlar namoyish qilindi. “Pazzanda oila”, “Hunarmand oila”, “Kitobxon oila”, “Ma’rifatli oila“, “Sportchi oila”, “Namunali oila”, “Tadbirkor oila” yo‘nalishlarida faollik ko‘rsatgan oilalar munosib rag‘batlantirildi.

Uychi tajribasi asosida tumandagi 56 mahallada ish olib borayotgan ma’rifat targ‘ibotchilarining faoliyati seminar ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),

O‘zA muxbirlari